Namanganlik sportchilarga guvohnoma topshirildi

    Sport 7 Oktabr 2020 756

    Hozirgi kunda Oʻzbekiston Respublikasida sportni rivojlantirishga va yosh sportchilarni Xalqaro miqyosda raqobatbardoshligini oshirish, jismoniy salohiyati yuqori, ruhiy tetik sportchilarni tayyorlashga katta eʼtibor ko'rsatib kelinmoqda.

    Hozirgi kunda barcha Oliy taʼlim muassasasida sport bilan shugʻullanishga barcha shart- sharoitlar mavjud.

    Xususan, Namangan muhandislik-texnologiya institutini jismoniy tarbiya va sport fani katta oʻqituvchisi, Ulugʻbek Qoʻchqorovning rahbarligidagi Muay tay sport toʻgaragi institut dovrugʻini doston qilmoqda. Toʻgarakning barcha aʼzolari razryadli sportchilar. Ular orasidan dovruqli sportchilar yetishib chiqmoqda.

    Ulugʻbek Qoʻchqorov Namangan Davlat universitetini 2011-yilda bakalavr, 2014-yilda magistrlik diplomini oldi. Toʻgʻri shu oliygohga keldi. Ochigʻi jon fido qilib ishladi. Shuning uchun toʻgarak aʼzolari shuhrat pillapoyalaridan birin-ketin yuqoriga intilmoqdalar. Bir necha bor Oʻzbekiston kubogi gʻolibi, Oʻzbekiston chempioni boʻlgan Xumoyunmirzo Parpiboyev, Xurshidbek Salimboyev, Dilnoza Tojiddinova, Durdona Oʻskanovalar institut faxriga aylanishmoqda. Dostonbek Saydullayevning yutugʻi alohidadir. U ikki karra Oʻzbekiston, shuningdek, Osiyo chempioni martabasiga erishdi. Institutning dovruqli oʻqituvchisi mehnati shu hududdagi mahallalar yoshlarini ham chorladi. “Mustaqillik”, “Olmazor”, “Yangi hayot”, “Toʻquvchi”da yashovchilar oliygohdagi Muay tay sport toʻgaragiga aʼzo boʻlishdi.

    Institutda Muay taychilarni sharaflashga bagʻishlangan tadbir boʻlib oʻtdi. Guvohnoma va mukofotlarni rektor Odiljon Mamatkarimov topshirar ekan, ularni qizgʻin muborakbod etdi.

    Darhaqiqat, Namangan muhandislik-texnologiya institutida Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “Besh muhim tashabbus”ning barcha yoʻnalishlarida zoʻr muvaffaqiyatga erishilmoqda. Oliygohning reyting ballarida sport, sanʼat, axborotlashtirish, kitobxonlik va bitiruvchi qizlarni ish bilan taʼminlashdek vazifalar muvaffaqiyatli uddalanmoqda.

    Rahimjon IRISOV, jurnalist.

    Hotam MAMADALIYEV olgan surat.