“Namanganning olmasi, anori bordir…”, mobil aloqasi-chi?

    Raqamlashtirish 22 Sentabr 2020 1622

    “Namanganning olmasi, anori bor…” ligini eshtganmizu, ammo mobil aloqa sifati ham bormikan?! Bor boʻlsa, qay darajada?

    Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi respublika hududlarida aloqa sifati boʻyicha monitoring kuzatuvlarini davom ettirmoqda. Endigi navbat Namangan viloyatiga. Demak, boshladik!

    Namangan shahri

    102 ta mahalladan iborat ushbu shahar aholisining deyarli 80 % da PERFECTUM aloqa operatori umuman ishlamaydi. MOBIUZ esa “Zarbdor”, “Kurashxona”, va “Maʼnaviyat” MFY (mahalla fuqarolar yigʻini) da sifat darajasi past. Qolgan aloqa kompaniyalari yaxshi ishlab turibdi.

    Kosonsoy tumani

    “Jomiy”, “Bahoriston”, “Bogʻ”, “Bogʻ koʻcha”, “Bomraha”, “Buloqboshi”, “Guzar”, “Yoshlik”, “Qorasuv” , “Navbahor”, “Obod”, “Obodon” , “Olmazor” va “Ravot” va yana 12 ta mahallada MOBIUZ ga aloqa yaxshi chiqmaydi. “Bahoriston”, “Bogʻ”, “Bogʻ koʻcha”, “Bomraha”, “Buloqboshi”, “Gulobod” va “Yoshlik ” MFYlarida yashovchi aholi uchun BEELINE dan foydalanish birmuncha noqulayliklar tugʻdirmoqda, qolgan mahallarda aloqa qoniqarli. UCELL aloqa kompaniyasi esa 30 ta mahallada yaxshi ishlamaydi, qolganlarida muammo kuzatilmadi. Agar siz PERFECTUM aloqa operatori mijozi boʻlsangiz, tumandagi barcha mahallalar uchun sizga “yashil chiroq” deb ayta olamiz .

    Mingbuloq tumani

    PERFECTUM kompaniyasi bu hududda barcha mizojlarini yoʻqotib boʻlgan, yoki u yerda umuman mijozi yoʻq. Chunki Mingbuloq tumanida PERFECTUM umuman ishlamaydi. Boshqalari ishlab turibdi.

    Namangan tumani

    Tuman hududida aloqa operatorlarining yarimidan koʻpi aloqa sifatining sustligi bilan “maqtanishi” mumkin. “Anjirzor”, “Bogʻ koʻcha”, “Boʻston”, “Qirgʻizqoʻrgʻon” va “Farovon” mahallalarida UZMOBILE mobil aloqasi umuman mavjud emas. PERFECTUM aloqa operatori mijozi boʻlsangiz, tumanga tashrifingiz unchalik ham koʻngildagidek boʻlmaydi deb qoʻrqamiz. Chunki deyarli barcha mahallada aloqa yoʻq.

    Norin tumani

    Agar siz UZMOBILE foydalanuvchisi boʻlsangiz “Boyovul”, “Boʻritepa”, “Qiziltov”, “Qoʻshariq”, “Qushchek”, “Nurziyo”, “Otbozor”, “Polvonkoʻl” va “Rovot” mahallalariga borishingizni tavsiya qilmaymiz sababi aloqa umuman yoʻq. 57 ta mahallaning 37 tasida esa BEELINE ga aloqa chiqmaydi. Qolgan kompaniyalar ishlab turibdi. Tumanda barcha aloqa kompaniyalari ishlab turibdi. Ammo qoniqarlisidan, qoniqarsizi koʻp. Aloqa kompaniyalari buni inobatga olib qoʻysalar, yaxshi boʻlardi.

    Pop tumani

    Ushbu tumanda PERFECTUMdan tashqari boshqa kompaniyalar xizmati harqalay mavjud. Ammo maqtanarli emas.

    Toʻraqoʻrgʻon tumani

    Tumanda barcha aloqa kompaniyalari ishlab turibdi . Ammo hammasida aloqa yaxshi deya olmaymiz.

    Uychi tumani

    59 ta mahalladan iborat ushbu tumanda barcha aloqa kompaniyalari ishlaydi ammo qoniqarlisidan qoniqarsizi koʻp, aloqa sifatini yaxshilab qoʻyishlarini soʻrab qolamiz.

    Uchqoʻrgʻon tumani

    Ushbu tumanda 64 ta mahalla mavjud boʻlib, ularning 43 tasida UZMOBILE, 39 tasida MOBIUZ va BEELINE 44 tasida UCELL aloqaga chiqmaydi. PERFECTUM esa hech bir mahallada mavjud emas.

    Chortoq tumani

    Chortoqliklar PERFECTUM dan tashqari barcha aloqa kompaniyalari bilan yaxshi aloqa oʻrnatgan.

    Chust tumani

    Tuman aholisi aloqa kompaniyalarining sifatli xizmatidan bebahra qolishgan koʻrinadi. Sababi hech bir aloqa kompaniyasi yaxshi ishlamaydi.

    Yangiqoʻrgʻon tumani

    69 ta mahalladan iborat bu ulkan tumanning 13 ta sidagina UZMOBILE yaxshi ishlaydi, qolganlarida qoniqarsiz. MOBIUZ ga 13 ta mahallada aloqa yoʻq. PERFECTUM esa deyarli barchasida mavjud emas. Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi viloyatlar boʻyicha monitoring kuzatuvlarini davom ettiradi.

    Aziza Xoʻjakeldiyeva,

    Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini

    himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi bosh mutaxassisi