NamDPI talabasi “Abdulla Avloniy” stipendiyasining ilk sohibasi boʻldi

    Ta'lim 17 Sentabr 2025 1264

    Namangan davlat pedagogika instituti talabasi Begoyim Varisova “Abdulla Avloniy” stipendiyasining ilk sohibasi boʻldi.

    Bu haqda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi maʼlum qildi.

    Qayd etilishicha, Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida oʻtkazilgan Namangan viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalariga bagʻishlangan yigʻilishda Namangan davlat pedagogika instituti talabasi Begoyim Varisova ham ishtirok etdi.

    U oʻz fikr va takliflarini bildirar ekan, pedagogika yoʻnalishi talabalari uchun “Abdulla Avloniy” stipendiyasi joriy etilgani uchun davlat rahbariga minnatdorlik izhor qildi.

    Talaba, shuningdek, Namanganda har yili “Kitobxonlar forumi”ni tashkil etish tashabbusini ilgari surdi. Mazkur forum yoshlarning intellektual salohiyatini oshirish va kitobxonlik madaniyatini rivojlantirishga xizmat qilishini taʼkidladi.

    Prezident Shavkat Mirziyoyev Begoyim Varisovaning tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlab, unga muddatidan avval stipendiya berilishini maʼlum qildi.