Narendra Modi ketma-ket uchinchi marta Hindiston bosh vaziri bo'ldi

    Hindiston parlament saylovlarida g'alaba qozongan Milliy-demokratik alyans koalitsiyasi rahbari Narendra Modi mamlakat bosh vaziri sifatida qasamyod qildi, marosim mahalliy telekanallar orqali namoyish etildi.

    Ovoz berish natijalariga ko'ra, Modining “Bharatiya janata parti” (Hindiston xalq partiyasi) partiyasi o'n yil ichida birinchi marta mutlaq ko'pchilik o'rinlarni qo'lga kirita olmadi: u 240 o'rinni qo'lga kiritdi, bu hukumatni shakllantirish uchun zarur bo'lgan oddiy ko'pchilikdan 32 ta kamdir. Milliy-demokratik alyansga kirgan partiyalarning ovozlarini inobatga olgan holda ushbu siyosiy birlashma parlamentdan 292 o'rin oldi va bu unga yangi koalitsiya hukumatini tuzish imkonini berdi.

    Modi qasamyod qabul qilib, Javoharlal Neru davridan buyon ketma-ket uch muddat hukumat rahbari bo'lgan birinchi bosh vazir bo'ldi. U bilan birga avvalgi hukumatda ichki ishlar va mudofaa vazirlari lavozimlarida ishlagan Amit Shoh va Rajnat Singx yangi hukumatda ishlashda davom etishadi.

    Marosimda Shri-Lanka prezidenti Ranil Vikremesingxe, Maldiv orollari prezidenti Muhammad Muizzu, Seyshel orollari vitse-prezidenti Ahmad Afif, Bangladesh bosh vaziri Shayx Xasina, Mavrikiy bosh vaziri Pravind Kumar Jugnaut, Nepal bosh vaziri Pushpa Kamal Dahal va Butan bosh vaziri Tshering Tobgay mehmon sifatida ishtirok etishdi, deb xabar beradi ria.ru.