Narkotik moddalari bilan oldi-sotdi qilayotganlar qo'lga olindi

    Aniqlangan manzilda narkotik moddalarni kichik bo'laklarga bo'lib, internet orqali sotuvga chiqarish uchun sharoit yaratilgan.

    Poytaxtimizning Olmazor tumanida yashovchi, 1999-y.t. shaxs muqaddam narkokur'erlar tomonidan Toshkent viloyatining Toshkent tumanidagi xufiyona joyga qoldirib ketilgan 3 kg. 906 gr. “Mefedron” sintetik giyohvandlik vositasini qabul qilib olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi. Holat Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Bojxona qo'mitasi xodimlari bilan hamkorlikda o'tkazilgan tezkor tadbirlar chog'ida fosh etildi.

    Tezkor surishtiruv harakatlari davomida qonunbuzar ushbu ajal og'usini Olmazor tumanida istiqomat qiluvchi, 1998-y.t. ayolning ko'rsatmasiga asosan olganligini ma'lum qildi va tezkor tadbir davom ettirilib, mazkur ayol tomonidan ijaraga olingan xonadon ko'zdan kechirildi.

    Natijada ushbu manzilda narkotik moddalarni kichik bo'laklarga bo'lib, internet orqali sotuvga chiqarish uchun sharoit yaratilgani aniqlandi. Shuningdek, ushbu noqonuniy ishga ayolning 1995-y.t. opasi ham aloqadorligi aniqlanib, u ham qo'lga olindi.

    Boshqa holatda esa Toshkent viloyatining Qibray tumanida yashovchi, 1987 va 1988-yillarda tug'ilgan 2 nafar fuqaro muqaddam narkokur'erlar tomonidan Toshkent tumani hududidagi xufiyona joyga yashirib ketilgan 927 gr. “Metamfetamin” sintetik giyohvandlik vositasini olgan vaqtlarida ushlandi.

    Toshkent shahrining YAshnobod tumanida o'tkazilgan tezkor tadbirda esa 1999 va 2002-yillarda Qarshi shahrida tug'ilgan, Olmazor tumanida ijarada yashovchi ikki nafar fuqaro uchinchi shaxslar tomonidan yashirib ketilgan 857 gr. “Alfa-PVP” sintetik giyohvandlik vositasini olgan vaqtlarida ushlandi.

    Hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo'zg'atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.