NASA Yupiterning tabiiy yo'ldoshiga fazoviy kemani uchiradi

    AQSh Milliy Aeronavtika va koinot boshqarmasi (NASA) 2024-yil oktabr oyida Yupiterning yo'ldoshi – Yevropaga unda hayot uchun sharoit mavjudligi yoki yo'qligini aniqlash uchun fazoviy kemani uchiradi.

    Bu haqda NASA sayti orqali ma'lum qilindi.

    Europa Clipper missiyasi 10-oktabr kuni Kanaveral burnidagi (Florida shtati) kosmodromdan uchirilishi rejalashtirilgan. Buning uchun Amerikaning SpaceX kompaniyasining Falcon Heavy raketa-tashuvchisidan foydalaniladi, deb xabar beradi report.az.

    NASAning ta'kidlashicha, missiyaning maqsadi “olimlarga Yupiterning muz bilan qoplangan tabiiy yo'ldoshlaridan birida hayot bor yoki yo'qligini aniqlashga yordam berishdan iborat”. Tajribalar o'tkazish uchun to'qqizta asbob-uskunalar bilan jihozlangan qurilma Yupiter atrofidagi orbitaga chiqarilishi va tabiiy yo'ldosh – Yevropaga bir necha bor yaqinlashishi kutilmoqda.

    “Tadqiqot ma'lumotlari shuni ko'rsatadiki, Yevropa muz qatlami ostida Yerdagi barcha okeanlar hajmidan ikki baravar ko'p bo'lgan okean mavjud”, deyiladi NASA bayonotida.