Nashriyot adliyaga “admin” ustidan shikoyat qildi

    Ijtimoiy hayot 14 Fevral 2023 1127

    Fargʻona viloyat adliya boshqarmasiga “Bayoz” nashriyotining shikoyat- murojaati kelib tushdi.

    Mazkur murojaatda “Bayoz” nashriyoti tomonidan nashr etilgan 28 turdagi kitoblar va oʻquv metodik qoʻllanmalarning elektron nusxalari nashriyot bilan hech qanday shartnoma tuzmasdan yoki mualliflar bilan kelishmagan holda internet ijtimoiy tarmoqdagi “XXX” kanali tomonidan tarqatilayotganligi va sotilayotganligi bayon etilgan. Gap shundaki, ushbu noqonuniy elektron savdo nashriyotning savdo faoliyati samaradorligiga jiddiy zarar keltirgan va nashriyot mualliflik huquqi buzilayotganligi yuzasidan qonuniy chora koʻrishni soʻragan.

    Bu borada qonunchilik “nima deydi”?

    Oʻzbekiston Respublikasi “Mualliflik va turdosh huquqlar toʻgʻrisida”gi qonunning 62-moddasida, huquq egasi yoki mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilot bilan shartnoma tuzmasdan asarlar yoki turdosh huquqlar obyektini takrorlash, tarqatish yoki undan boshqacha tarzda foydalanish mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni buzish hisoblanadi.

    Mavzuga qaytamiz...

    Fargʻona viloyat adliya boshqarmasi masʼullari tomonidan mazkur murojaat oʻrganib chiqildi. Maʼlum boʻlishicha, “Bayoz” nashriyoti tomonidan nashr etilgan 28 turdagi kitoblar va oʻquv metodik qoʻllanmalarning elektron nusxalari haqiqatdan ham onlayn tarzda sotilishi va tarqatilishi noqonuniy yoʻlga qoʻyilgan. Oʻrganishlar davomida yana aniqlandiki, bu ishlarni boshqarayotgan Fargʻona viloyatida istiqomat qiluvchi fuqaro “BB” (admin) ekanligi ayon boʻldi. Admin muallif yoki nashriyot bilan kitoblarning elektron nusxasini tarqatish yoki sotish boʻyicha hech qanday yozma kelishuv tuzmagan.

    Holat yuzasidan Fargʻona viloyatida istiqomat qiluvchi internet ijtimoiy tarmoqdagi “XRX” kanali admini “BB”ga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 177(1)-moddasi bilan maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida bayonnoma rasmiylashtirilib, tegishli tartibda hal etish uchun Jinoyat ishlari boʻyicha tuman sudiga yuborildi.

    Sud tomonidan fuqaro “BB” Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 177(1)-moddasiga asosan huquqbuzar deb topildi va unga nisbatan maʼmuriy jarima jazosi tayinlandi.

    Fargʻona viloyat adliya boshqarmasi.