Лого Лого-пв-уз

    Nasl ko'rgazmasi: 192 kilo tosh bosgan qo'chqor

    Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi “Nur” qo'ychilik majmuasida Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo'mitasi tomonidan mamlakatimizda ilk bor “Naslli qo'chqorlar ko'rgazmasi” tashkil etildi.

    Ko'rgazmada respublikamizning barcha hududlaridan keltirilgan naslli qo'chqorlar ishtirok etdi.

    Ta'kidlash joizki, joriy yilda chorvachilik va uning tarmoqlariini rivojlantirish bo'yicha umumiy qiymati 9,7 trillion so'mlik 2031 loyiha amalga oshirish rejalashtirilgan bo'lib, shundan qo'y va echkichilikda 73 milliard so'mlik 241 loyiha bajarilmoqda. Ushbu loyihalar doirasida xorijiy davlatlardan 185,7 ming bosh qo'y va echki olib kelinib, ularni ko'paytirish choralari ko'rilmoqda.

    Birgina joriy yilda qo'y-echkichilik faoliyati bilan shug'ullanauvchi 27 ta xo'jalik naslchilik toifasiga o'tkazilib, ularning soni 140 taga etkazildi.

    Qo'y-echkichilik yo'nalishida naslchilik-selektsiya ishlarini yanada rivojlantirish maqsadida qo'ylarni sun'iy urug'lantirishda naslli qo'chqorlarning muzlatilgan urug'larini qadoqlanishini mahalliylashtirish maqsadida bir qator Germaniya, Rossiya, Turkiya va Belarus` davlatlari bilan hamkorlik yo'lga qo'yilgan.

    “Naslli qo'chqorlar” ko'rgazmasi bu boradagi ilg'or tajribalarni ommalashtirishga xizmat qilishi bilan ham ahamiyatli bo'ldi, deyishdi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo'mitasi mas'ullari.

    Tadbirda Qirg'iziston va Qozog'istondan ham naslchilik-selektsiya ishlari mutaxassislari ishtirok etdi.

    Ko'rgazma mutlaq g'olibi Farg'ona viloyati Quvasoy tumani “Turon chorvasi” fermer xo'jaligida boqilayotgan “Admiral” laqabli qo'chqor, deb topildi. U 192 kilo tosh bosdi.