Jumladan, kuni kecha Fargʻona shahrining Al Fargʻoniy nomidagi dam olish va istirohat bogʻida Fargʻona viloyat Adliya boshqarmasi tomonidan “Inson qadrini ulugʻlash — eng oliy saodat” shiori ostida navbatdagi tadbir tashkil etildi.
Unda viloyat darajasidagi barcha davlat organlari va tashkilotlari mutaxassislari tomonidan fuqarolarning muammolarini eshitish va ularni hal etish boʻyicha tegishli huquqiy-amaliy yordam koʻrsatildi. Sayyor davlat xizmatlari, notarial harakatlar va FHDYO harakatlarini amalga oshirishga, oilaviy nizolar va ajrimlarni, ishsizlik va jinoyatchilikni oldini olish kabi koʻplab masalalarga eʼtibor qaratildi.

Aholini huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirishga, ularga qabul qilinayotgan qonunlar va ularga kiritilayotgan oʻzgartish va qoʻshimchalar haqida oddiy tilda tushuntirishlar berish maqsadida har bir davlat va nodavlat tashkilotlari tomonidan koʻrgazmali targʻibot materiallari bilan jihozlangan “Huquqiy axborot burchaklari” tashkil etildi. Yoshlarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish, huquqqa boʻlgan ehtiyojini qondirish maqsadida Adliya vazirligi tomonidan oila, uy-joy, yer, soliq, bank, tadbirkorlikka oid, mehnat, ijtimoiy taʼminot va ijtimoiy himoya, taʼlim, isteʼmolchilarning huquqlari va boshqa hayotiy muhim masalalar boʻyicha tayyorlangan 500 dan ortiq huquqiy qoʻllanmalar tarqatildi.
Adliya vazirligining Telegram messenjeridagi huquqiy maʼlumotlarni tezkor yetkazuvchi “Huquqiy axborot” kanali, “Advice” huquqiy portali hamda “Lex.uz” sayti va boshqa ijtimoiy tarmoqlar toʻgʻrisidagi 200 dan ortiq targʻibot materiallari yetkazildi.
– Adliya xodimlari va “Madad” NNT hududiy byuro xodimlari tomonidan mehnat, uy-joy, moddiy yordam, tadbirkorlik masalalari boʻyicha ochiq muloqot oʻtkazildi, – deydi viloyat Adliya boshqarmasi huquqiy targʻibot va maʼrifat boʻlimi boshligʻi Abbos Aʼzamxonov. – Tegishli huquqiy maslahatlar berildi. Shahar hududida xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariuslar tomonidan 24 nafar fuqaroga huquqiy maslahat berildi. 7 ta notarial harakatlar qayd etildi. Davlat xizmatlari markazlari tomonidan 13 ta sayyor davlat xizmatlari koʻrsatilgan boʻlsa, FHDYO boʻlimi xodimlari tomonidan nikohni qayd etish, tugʻilganlik holatini qayd etish boʻyicha 22 nafar fuqaroga huquqiy maslahatlar berildi.

Sayyor davlat xizmatlari, notarial va FHDYO harakatlari amalga oshirilib, ishsizlik va jinoyatchilikning oldini olish kabi masalalarga eʼtibor qaratildi. “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftariga” kiritilgan fuqarolarning murojaatlari nazoratga olindi. Bundan tashqari, yoshlar va imkoniyati cheklangan shaxslarga qonunchilikda berilgan imtiyozlar, mehnat munosabatlari, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun kredit olish bilan bogʻliq masalalarga ham oydinlik kiritildi.

Tadbirda koreys, tojik,turk va boshqa madaniy markazlar ijrosidagi konsert dasturi namoyish etildi.
Elyorjon Eksanov,
Fargʻona viloyat adliya boshqarmasi
jamoatchilik bilan aloqalar
boʻyicha yetakchi maslahatchisi.