Bu boʻyicha Navoiy viloyati delegatsiyasining Janubiy Koreyaga amaliy tashrifi doirasida hamkorlik hujjati imzolandi.

Seul shahrida Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov boshchiligidagi delegatsiya va Koreya Onlayn eksport-import assotsiatsiyasi vakillari oʻrtasida muzokaralar oʻtkazildi.

Hamkorlikning asosiy yoʻnalishlaridan biri Koreya–Navoiy transchegaraviy elektron savdo markazini tashkil etishdan iborat. Bu orqali koreys kompaniyalarining Oʻzbekiston va Markaziy Osiyo bozorlariga chiqishi, shuningdek, Navoiyda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni Koreya bozoriga olib kirish koʻzda tutilmoqda.

Dastlab koreys kompaniyalari mahsulotlarini Navoiyga olib kirib, onlayn savdo orqali mahalliy bozorda talabni oʻrganishi rejalashtirilgan. Talab yuqori boʻlgan mahsulotlarni keyinchalik viloyatda mahalliylashtirish va Markaziy Osiyo davlatlariga eksport qilish taklif etilmoqda.

Hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari sifatida elektronika va elektrotexnika, “aqlli uy” texnologiyalari, kosmetika va maishiy kimyo, sanoat uskunalari va butlovchi qismlar, kimyo hamda polimer mahsulotlari belgilangan.

Navoiyning koreys biznesi uchun jozibador jihatlaridan biri — viloyatning transport-logistika imkoniyatlaridir. Viloyatdan quruqlik transporti orqali 12 ta davlat bozoriga chiqish mumkin. Bu mamlakatlarda qariyb 632 million kishi istiqomat qiladi, ularning yillik umumiy import hajmi 545 milliard dollardan ziyod.

Forumda dastlab 15–20 ta koreys kompaniyasini tanlab, ular uchun Oʻzbekiston va qoʻshni davlatlar bozorlari boʻyicha elektron katalog yaratish, Navoiyda yagona ombor-fulfilment va namoyish markazini tashkil etish taklif qilindi. Keyin savdo natijalariga qarab 3–5 ta kompaniyani Navoiyda mahalliylashtirish rejalashtirilmoqda.

Tomonlar, shuningdek, qoʻshma ishchi guruh tuzish va bir oy ichida pilot loyihaga jalb etiladigan dastlabki koreys kompaniyalarini belgilash boʻyicha kelishib oldi.

Kelishuv amalga oshsa, Navoiy tadbirkorlari uchun mahsulotlarni Janubiy Koreya va boshqa xalqaro onlayn bozorlarga toʻgʻridan-toʻgʻri olib chiqish imkoniyati kengayadi.