“Navoiy” bojxona postida “Elektron navbat” tizimi joriy qilinadi

    Bojxona qoʻmitasi Raisi A.Mavlonov Qozogʻiston moliya vazirligining davlat daromadlari qoʻmitasi raisi J.Duysembiyev bilan ikki tomonlama uchrashuv oʻtkazdi.

    Bu haqda Bojxona qoʻmitasi axborot xizmati maʼlum qildi.

    Taʼkidlanishicha, muloqot chogʻida iyun oyidan Oʻzbekistondagi chegara-bojxona postlarida bosqichma bosqich “Elektron navbat” tizimi joriy qilinishi, mazkur tizim ilk bor aynan Qozogʻiston bilan chegarada joylashgan “Navoiy” bojxona postida ishga tushirilishi aytib oʻtildi.

    Muloqotda ikkala davlat oʻrtasidagi “Oq oltin” – “Selinny” hamda “Malik” – “Sirdaryo” chegara bojxona postlari orqali boʻsh yuk avtotransport vositalari va yirik gabaritli boʻlmagan yuklar harakatini yoʻlga qoʻyish masalasi ham koʻrib chiqildi.

    Bu eng avvalo Oʻzbekistonning “Yallama”, “Najimov” va “Sirdaryo” chegara bojxona postlari va unga tutash Qozogʻistonning chegara bojxona postlaridagi yuklama va tirbandliklarni sezilarli ravishda qisqarishiga olib keladi.

    Uchrashuvda ikkala davlatda bojxona xizmati vakillarini taʼsis etish boʻyicha kelishuv ham muhokama qilindi.

    Shuningdek, tomonlar oʻzaro hamkorlikning yangi Rejasini koʻrib chiqishdi. Rejada oʻtkazish punktlarini qayta qurish va rekonstruksiya qilish ishlarini jadallik bilan davom ettirish nazarda tutilgan. Jumladan, “Gʻishtkoʻprik” va “Dovud ota” chegara bojxona postlaridagi qurilish jarayonlarini yakunlash bilan bir qatorda “Sirdaryo” chegara bojxona postini qayta qurish nazarda tutilgan.

    Shuningdek, oʻzaro savdoga doir bojxona statistikasi boʻyicha hamkorlikni takomillashtirish, bunda turli nomuvofiqliklarning toʻliq oldini olish zarurligi qayd etildi.

    Tomonlar bojxona laboratoriyalari oʻrtasida va kadrlar malakasini oshirish boʻyicha hamkorlikni nazarda tutuvchi kelishuvlarni koʻrib chiqishdi.

    Uchrashuv yakunida ikkala davlat bojxona xizmatlari oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlikka yangicha ruh baxsh etuvchi 3 ta hujjat imzolandi.