Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Navoiy davlat universitetini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori (PQ-378-son, 31.10.2024) qabul qilindi.
Qarorga koʻra, Navoiy davlat pedagogika instituti negizida Navoiy davlat universiteti tashkil etiladi.
Hududda soha va tarmoqlarning rivojlanish istiqbollarini hisobga olgan holda zamonaviy bilim va malakaga ega boʻlgan ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish boʻyicha uzluksiz taʼlim tizimini yaratish Universitetning asosiy vazifalari va faoliyat yoʻnalishlaridan biri etib belgilandi.
Navoiy davlat pedagogika institutida tahsil olayotgan barcha talabalar oʻqishlarini Universitetda davom ettiradi hamda 2024/2025 oʻquv yilidan bitiruvchi kurs talabalariga Universitet diplomi beriladi.
Universitetda 2025/2026 oʻquv yilidan ehtiyoj yuqori boʻlgan quyidagi yoʻnalishlar boʻyicha kadrlar tayyorlash yoʻlga qoʻyiladi:
- aniq va tabiiy fanlar;
- axborot texnologiyalari;
- sunʼiy intellekt;
- iqtisodiyot;
- biznes va turizm;
- investitsiyalarni boshqarish;
- qishloq xoʻjaligi;
- ekologiya va atrof-muhit muhofazasi;
- logistika.
Yangi tashkil etilgan taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklar boʻyicha xorijiy davlatlar va respublikadagi yetakchi oliy taʼlim tashkilotlari bilan ikkita diplom berishga asoslangan qoʻshma taʼlim dasturlari yoʻlga qoʻyiladi.