Press-turning birinchi ob'ekti “Navoiy Dori-Darmon” aktsiyadorlik jamiyatiga qarashli “Avitsenna” dori vositalari ishlab chiqaruvchi mas'uliyati cheklangan  jamiyati bo'ldi. “Avitsenna” MCHJ 2001 yilda o'z faoliyatini boshlagan bo'lib, bugungi kunda 17 turdagi dori vositalari ishlab chiqaradi. Bu mahsulotlar “Dori-Darmon” aktsiyadorlik kompaniyasi tizimidagi hamda xususiy dorixonalarga shartnoma asosida yetkazib beriladi. 

Ayni kunlarda “Avitsenna” MCHJ Pokistonning “Fair Enterprise” kompaniyasining marketing bo'yicha direktori doktor Suleyman Abid bilan dori-darmon ishlab chiqarish investitsiya loyihasini amalga oshirish bo'yicha muzokaralar olib boryapti.

Press-turning ikkinchi ob'yekti “Navoiy Dori-Darmon” AJ dori vositalari ombori bo'ldi. Omborxonada 2180 xildan ortiq mahalliy va xorijiy ishlab chiqaruvchilarning dori vositalari zarur sharoitlarda saqlanadi.  Termolobil  dori vositalari saqlanishi uchun muzlatkich va muzlatkich kameralari mavjud.

Qiziltepa tumanida joylashgan Markaziy dorixona press-turning uchinchi ob'yekti bo'ldi. Qiziltepa tumani ko'p sonli aholiga ega tumanlardan biri hisoblanadi. Tumanda jamiyatga qarashli bo'lgan bitta Markaziy dorixona va 20 ta dorixona shoxobchasida 5 nafar oliy ma'lumotli hamda 15 nafar o'rta ma'lumotli farmatsevt xodimlar faoliyat yuritib kelmoqda.  

“Navoiy Dori-Darmon” AJ tizimida  jami 120 ta dorixona va dorixona filiallari hamda 9 ta ko'chma dorixona mavjud.

“Dori-Darmon” AK matbuot xizmati