Navoiy energetiklari kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlarini yakunlayapti

    Energetika 25 Sentabr 2020 3051

    Energetika vazirligi maxsus shtabi hududlarda aholi va byudjet tashkilotlarini 2020-2021-yillar kuz-qish mavsumida elektr energiyasi bilan taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish maqsadida Navoiy viloyatiga bordi.

    Ishchi guruh tomonidan Navoiy shahar elektr taʼminoti korxonasida, Karmana tumanidagi 2-sonli podstansiyasida va Navbahor tumanidagi “Yangiqoʻrgʻon” podstansiyasida olib borilayotgan kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari oʻrganildi.

    Xususan, joriy yilda 3 665 kilometr havo elektr uzatish tarmoqlari, 55 dona podstansiya hamda 946 transformator punktlarini joriy va mukammal taʼmirlash ishlari rejalashtirilgan boʻlib, ayni vaqtda 90 foiz ishlar bajarilgan. Barcha ishlarni 1-oktyabrgacha tugatish rejalashtirilgan.

    Maʼlumot uchun, Navoiy viloyati isteʼmolchilariga kuz-qish mavsumida jami 4 153,5 million kVt soat elektr energiyasi yetkazib beriladi.

    Viloyat isteʼmolchilarini elektr energiyasi bilan taʼminlash uchun 11,7 ming kilometr elektr uzatish tarmoqlari va 2 944 ta transformator punktlaridan foydalaniladi. Joriy yilning 1-oktyabriga qadar 1 218,4 kilometr elektr uzatish tarmoqlari va 315 ta transformator punktlari mukammal taʼmirlanadi.

    2020/2021-yillar kuz-qish mavsumida aholi isteʼmolchilarini elektr energiya bilan taʼminlashda uzilishlarning oldini olish maqsadida korxonada 25 dona har xil quvvatli transformator punktlari va 10 tonna transformator moyi zaxirasi yaratilgan, deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati.