“Navoiy IES” AJda yangi bugʻ-gaz qurilmasini bunyod etish ishlari olib borilmoqda

    Loyiha 2026-yilning oxiriga qadar ishga tushirilishi rejalashtirilgan.

    Navoiy IESda navbatdagi 3-sonli bugʻ-gaz qurilmasining oʻrnatilgan quvvati 650 MVtni tashkil etadi.

    Loyiha hamkorlari Yaponiyaning “Mitsubishi Corporation” & “Mitsubishi Power Ltd” kompaniyalar konsorsiumi boʻlib, qurilishda Turkiyaning “Çalik Enerji” kompaniyasi hamda “Oʻzbekenergotaʼmir” AJ mutaxassislari ish olib bormoqda.

    Loyiha 2026-yilning oxiriga qadar ishga tushirilishi rejalashtirilgan.

    Investitsiya loyihasining moliyalashtirish manbai JICA – Yaponiya Xalqaro hamkorlik agentligi mablagʻlari boʻlib, loyihaning umumiy qiymati TIAga asosan 786,7 mln. AQSH dollarini tashkil etadi. Bugungi kunga qadar 276 mln AQSH dollari oʻzlashtirilib, reja koʻrsatkichi 100 foizga bajarildi.

    Bugʻ-gaz qurilmasi ishga tushgach, yiliga qoʻshimcha 4,8 mlrd kVt.soat elektr energiyasi hamda 932 Gkal issiqlik energiyasi ishlab chiqariladi. Bunda zamonaviy, yuqori tejamkor texnologiyalar hisobiga yiliga 870 mln kubmetr tabiiy gaz tejalishiga erishiladi. Uning foydalilik ish koeffitsiyenti 63 foizni tashkil etib, atmosferaga chiqarilayotgan chiqindi gazlarining hajmi 1740 ming tonnaga kamayadi.

    Hozirda qurilish maydonchasida ishlar qizgʻin olib borilmoqda. Bu yerda mahalliy va xorijiy kompaniyalardan 470 nafar malakali muhandis-texniklar (mahalliy mutaxassislar 420 ta) hamda 90 ta maxsus texnikalar ishlamoqda.

    Ahamiyatlisi, loyiha ishga tushirilishi natijasida yangi 347 ta ish oʻrinlari yaratiladi.

    Ayni paytda qurilmaning poydevor ishlari amalga oshirilmoqda. Maʼlumot uchun, bugʻ-gaz qurilmasida rivojlangan davlatlarning eng zamonaviy gaz va bugʻ turbinalari va qozon qurilmalari oʻrnatiladi.