Ushbu vaziyat yuzasidan “Oʻzkimyosanoat” AJ rasmiy munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, korxona tomonidan atmosferani ifloslantiruvchi chiqindilar miqdorining meʼyoridan oshmasligini nazorat qilish maqsadida 3-, 23- va 25-sexlarga 3 dona avtomatik gazoanalizator, jamiyatga qarashli sanatoriy-profilaktoriy hamda boshqarma hududiga 2 dona statsionar nazorat posti oʻrnatilgan.
Bu ishlar uchun “Navoiyazot” AJ mablagʻlari hisobidan 6 milliard 186 million soʻm sarflangan. Shuningdek, atmosferaga tashlanadigan moddalarni tutib qolish maqsadida 3-sex donadorlash minorasiga 1 dona, 23-sex minorasiga esa 4 dona skrubber oʻrnatilgan.
Korxona hududi va atrofini nazorat qilish uchun 500 tadan ortiq zamonaviy kuzatuv kameralari oʻrnatilgan. Yer sathidan 120 metr balandlikdagi, 10–15 km masofani qamrab oluvchi kamera tasvirlarida atmosferani ifloslantirgan changsimon tutun “Navoiyazot” hududidan tarqalmagani yaqqol koʻrinadi.
Maʼlum boʻlishicha, tutun gʻarbiy yoʻnalishdan koʻtarilib, shamol taʼsirida “Navoiyazot” AJ ustidan va atrofidan oʻtib, butun shaharga tarqalgan.
Navoiy viloyati ekologiya boshqarmasi 19-iyul kuni havo holati yuzasidan bergan maʼlumotda korxona sanitar laboratoriyasi xodimlari bilan hamkorlikda tahlil oʻtkazilgani qayd etilgan. Aslida esa korxona vakillari bunday oʻrganishdan xabardor etilmagan.
Shu bilan birga, tahlil natijalarida atmosferada ammiak miqdori 1,4 barobar, vodorod sulfidi esa 16,8 barobar meʼyordan yuqori ekani bildirilgan. Biroq ammiak ham, vodorod sulfidi ham rangsiz, koʻzga koʻrinmaydigan gaz moddalar boʻlib, aholi tomonidan koʻrilgan changsimon tutun bilan bogʻlanishi mumkin emas.
19-iyul kuni soat 7:30–8:00 oraligʻida “Navoiyazot” mutaxassislari tomonidan oʻtkazilgan tekshiruv natijalariga koʻra, havoda ammiak aniqlanmagan. Shuningdek, tiomochevina sexi 2024-yil fevralidan beri faoliyat yuritmayotgani bois, vodorod sulfidining tarqalishi haqidagi maʼlumot ham asossizdir.
Uglerod ikki oksidi koʻmirning chala yonishi natijasida hosil boʻladi. Ammo “Navoiyazot”da mahsulot ishlab chiqarishda koʻmirdan foydalanilmaydi.
Qayd etish joizki, korxona ekologik xavfsizlikni ustuvor vazifa sifatida belgilagan va atmosferaga chiqariladigan chiqindilarni kamaytirishga qaratilgan aniq va muddatli chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda.
Shuning uchun “Navoiyazot” AJ mazkur changsimon tutun holatiga hech qanday aloqasi yoʻqligini maʼlum qildi va ommaviy axborot vositalari hamda jamoatchilik vakillaridan notoʻgʻri va asossiz maʼlumotlar tarqatmaslikni soʻraydi.








