Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 4-maydagi “Mamlakatni demokratik yangilash jarayonida fuqarolik jamiyati institutlarining rolini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni bu borada yangi davrni boshlab berdi.
Mamlakatning har tomonlama va jadal rivojlanishida fuqarolik jamiyati institutlarining roli va ahamiyatini tubdan oshirish, ularning davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari bilan hamkorligini kuchaytirishni koʻzda tutuvchi mazkur hujjatga muvofiq Nukus shahri, viloyat markazlari va Toshkent shahrida nodavlat notijorat tashkilotlarining hududiy ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda, boʻshab yotgan va samarali foydalanilmayotgan davlat mulki obyektlari negizida “Nodavlat notijorat tashkilotlari uylari”ni tashkil etish, mazkur binolarga yangi tashkil etilgan, shuningdek, ijtimoiy ahamiyatga ega boʻlgan sohalarda oʻz faoliyatini amalga oshirayotgan nodavlat notijorat tashkilotlarini ijara toʻlovining “nol” stavkasini qoʻllagan holda joylashtirish choralarini koʻrish belgilangan.
Farmon ijrosini taʼminlash maqsadida Navoiy viloyat hokimining farmoyishi bilan Navoiy shahrida ham “Nodavlat notijorat tashkilotlari va doʻstlik uyi”ni tashkil etish ishlari boshlab yuborildi. Yaqin kunlarda ishga tutilishi kutilayotgan “Nodavlat notijorat tashkilotlari va doʻstlik uyi” Navoiy shahrining Sadriddin Ayniy koʻchasida joylashgan boʻlib, bino uch qavatdan iborat. Unda 31 ta ijtimoiy ahamiyatga ega boʻlgan sohalarda oʻz faoliyatini amalga oshirayotgan NNTlar va milliy markazlarning joylashishi koʻzda tutilgan.
Navoiy viloyat hokimi, Oliy Majlis Senati aʼzosi Q.Tursunov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi mablagʻlarini boshqarish boʻyicha Parlament komissiyasi aʼzosi, Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi raisi J.Sarimsoqov ishtirokida boʻlib oʻtgan uchrashuvda bunyod etilayotgan “Nodavlat notijorat tashkilotlari va doʻstlik uyi”da NNTlar hamda milliy madaniy markazlar uchun yaratiladigan sharoitlar va imkoniyatlar muhokama qilindi.
Sh.Sattarov