Navoiy va Namangan viloyatlarida yer maydonlarini sotmoqchi boʻlgan firibgarlar ushlandi

    Bosh prokuratura huzuridagi Departament, DXX va IIVning Navoiy viloyati boshqarmalari tomonidan tezkor tadbir oʻtkazildi.

    Tadbirda fuqaro Gʻ.E. Karmana tumani, “Talqoq” MFY hududidan fuqaro B.M.ga maishiy xizmat koʻrsatish binosini qurish uchun ajratilgan (tasarruf etish huquqisiz) 4 sotix yer maydonini boshqa bir fuqaro X.ga sotishga kelishib, kelgusida tanishlari orqali uy-joy qurish uchun hujjatlarini rasmiylashtirib berishni vaʼda qilib, oldindan kelishilgan 180 mln soʻmni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

    Departamentning Navoiy shahar boʻlimi tomonidan DXX hamda IIB xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda, fuqarolar Q.R. va A.N.lar Xatirchi tumanidagi “B.K.” fermer xoʻjaligiga qarashli 35 sotix va oʻzboshimchalik bilan egallab olingan 55 sotix yer maydonini internet saytlari orqali sotishga eʼlon berib, jami 90 sotix yer maydonini fuqaro A.ga 180 mln soʻmga sotishga kelishib, oldindan 130 mln soʻmni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlanganlar.

    Shu kabi, Uychi tuman boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro A.D. fuqaro M.A.ga “Tepasaroy” MFY hududida joylashgan 10 sotix hamda A.D.ning oʻziga ajratilgan 11 sotix yer maydonini boshqa bir fuqaro Q.ga 23,1 ming AQSH dollariga sotishga kelishib, oldindan 15 ming AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

    Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.