Navoiy viloyati hokimi 192 nafar fuqaroni shaxsan qabul qildi

    Ijtimoiy hayot 29 Dekabr 2021 2459

    Kuni kecha Navoiy viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Normat Tursunov Karmana tumani hokimligida fuqarolar bilan navbatdagi shaxsiy qabulini oʻtkazdi.

    Qabulda viloyat sektor rahbarlari, vazirlik va idoralarning hududiy boshqarmalari boshliqlari, qurilish, obodonlashtirish, soliq va bank vakillari qatnashdi.

    Viloyat rahbariga Navoiy va Zarafshon shaharlari, Karmana, Navbahor, Xatirchi va Nurota tumanlari fuqarolari ichimlik suvi va tabiiy gaz bilan taʼminlanish, ichki yoʻllar va tomorqa sugʻorish ariqlarini taʼmirlash, bandlik, tibbiy va huquqiy koʻmak, kredit ajratilishi, subidiya va moddiy yordam olish borasidagi muammolari bilan murojaat qildilar.

    8 soatdan koʻproq davom etgan shaxsiy qabulda Normat Tursunov 192 nafar fuqaroni qabul qildi.

    Murojaatlarning 68 tasi oʻz joyida hal etildi, ijrosi mablagʻ va vaqt talab qiladigan 110 murojaat ijroga qaratilib, qisqa muddatlar belgilandi. 14 ta murojaat boʻyicha huquqiy tushuntirish berilib, ijrosini taʼminlash boʻyicha adliya va prokuratura idoralarining yordami taklif qilindi.

    Eʼtiborlisi, bugun erta tongdan ijroga qaratilgan muammolarning ham aksariyati oʻz yechimini topdi.

    - Taʼminotimda kamchilik boʻlganligi sababli bir muddat ichimlik suvi toʻlovlarini oʻz vaqtida toʻlay olmadim, - deydi Karmana tumanidagi “Sharq” (“Vosxod”) dala hovlilari uyushmasida yashovchi Zoya Rahmonova. – Shu sabab ichimlik suvi tarmogʻidan uzib qoʻyilgandim. Viloyat rahbariga murojaat qilganimdan soʻng, bugunning oʻzida ishchi guruh holatni oʻrgandi va qarzdorligim boʻyicha toʻlov amalga oshirilib, ichimlik suvi tarmogʻiga ulab berishdi.

    Yoki shu tumanning “Talqoq mahallasidan fuqaro Ravshan Rahimov 250 metr, “Argʻun” mahallasidan Tojigul Umarova 2 kilometr ichki yoʻlga shagʻal yotqizish boʻyicha murojaat qilgandi. Ushbu muammo ham bugun erta tongdan yechildi – 30 nafar ishchi xodim va maxsus texnikalar jalb etilib, murojaatda aytilgan manzillardagi yoʻllar shagʻallashtirildi.

    Shuningdek, “Narpay” mahallasida yashovchi kam taʼminlangan fuqaro Zamira Suyunovaga 100 dona shefer yetkazib berildi, “Kalovot” mahallasidan sugʻorish ariqlarini tozalashga texnika koʻmagi soʻrab murojaat qilgan Zohid Rahmatovning muammosi ham hal boʻldi – texnika jalb etilib, suv yoʻli ochildi. Bu kabi murojaatlar yechimini taminlash ishlari tizimli ravishda davom etmoqda.

    Qayd etish joizki, viloyat rahbari har bir uchrashuvda hech bir masala yechimsiz, hech bir murojaat eʼtiborsiz qolmasligini qayta-qayta takrorlaydi hamda shaxsiy va sayyor qabullarni murojaat va arizachi fuqarolar qolmagunicha yakunlamaydi.

    Mamlakatimizda inson qadri uchun qilinayotgan bu kabi saʼy-harakatlarning davomli va natijadorligi hudud aholisining rahbariyatga va davlatga ishonchini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.