Navoiy viloyati rahbari AQSH va Ukraina elchilari bilan uchrashdi

    Xalqaro hamkorlik 7 Yanvar 2022 2237

    Bugun, 7-yanvarda Navoiy viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Normat Tursunov Oʻzbekiston Respublikasining Amerika Qoʻshma Shtatlari va Ukrainadagi elchilarini qabul qildi.

    Uchrashuvda viloyat rahbari xorijiy davlatlar, xususan Amerika va Ukraina bilan savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni jadallashtirish uchun mavjud imkoniyatlar, infratuzilma va logistika sharoitlari haqida batafsil maʼlumot berdi.

    Oʻz navbatida Oʻzbekiston Respublikasining Amerika Qoʻshma Shtatlaridagi elchisi Javlon Vahobov ilgari ham Navoiy viloyati bilan AQSH va Kanada kompaniyalari oʻrtasida turli yoʻnalishlarda hamkorlik munosabatlarini rivojlantirishga harakatlar boʻlgani, soʻnggi yillarda orttirilgan tajribalar mevasi oʻlaroq savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni rivojlantirish tomonlar uchun oʻzaro manfaatli boʻlishini taʼkidladi.

    Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining Ukrainadagi elchisi Alisher Kurmanov Navoiy viloyati bilan Ukrainaning Zaporojye viloyati oʻrtasida qardoshlik aloqalari oʻrnatilgani va bu savdo-iqtisodiy sohalardagi va axborot texnologiyalari yoʻnalishidagi hamkorlikni jadallashtirishga xizmat qilishini qayd etdi.

    Muzokaralar chogʻida tomonlar kelgusida xorijiy va mahalliy kompaniyalar hamda ishlab chiqarish korxonalari oʻrtasida tashriflar almashishni koʻpaytirish, IT, sanoat, tekstil, meva-sabzavot va boshqa qishloq xoʻjaligi mahsulotlari eksporti yoʻnalishlaridagi hamkorlikni yanada kengaytirishga moʻljallangan rejali va samarali ishlarni birgalikda amalga oshirishga kelishib oldilar, deb xabar beradi Navoiy viloyati hokimligi matbuot xizmati.