Komissiya oʻz faoliyati davomida korxonalarga tashrif buyurdi, tadbirkorlar bilan muloqotda boʻlib, ishlab chiqarish obyektlarining bugungi holatini oʻrganib chiqdi. Obyektlarning bevosita oʻzida boʻlib oʻtgan suhbatlarda ishlab chiqarish hajmini oshirish hamda qoʻshilgan qiymat zanjirlarini koʻpaytirish va yangi yuqori texnologiyali mahsulotlarni ishlab chiqarishni oʻzlashtirish orqali korxonalarni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.
Tashrif davomida tadbirkorlar va eksportchilar bilan ochiq muloqot tashkil etildi. Uning maqsadi masʼul tuzilmalarni jalb qilgan holda ishbilarmonlar muammolarini muhokama va har tomonlama tahlil qilib, tezkor hal etishdan iborat boʻldi. Tadbirda 300 nafardan ziyod tadbirkorlar ishtirok etib, oʻz masalalarini koʻtarib chiqish imkoniga ega boʻldilar va ularning har biri komissiya aʼzolari tomonidan atroflicha oʻrganildi. Taʼkidlash joizki, viloyat tadbirkorlari asosan investitsiya loyihalarini amalga oshirish va aylanma mablagʻlarni toʻldirish uchun kredit olish, yer uchastkalari, boʻsh bino va inshootlarni ajratish, ruxsat etuvchi hujjatlar, sertifikat va litsenziyalar olish, amaldagi soliq tartibi va bojxona nazorati tartib-taomillaridan oʻtish bilan bogʻliq muammolarga duch kelmoqda.
Muloqot davomida jami 217 tadbirkorlik subyektlari 246 muammoli masalalar bilan murojaat qildi. Shu jumladan, 137ta masala kredit mablagʻlarini olish yoki mavjud kreditlar muddatlarini uzaytirish, 18ta – muhandislik tarmoqlariga ulanish, 15ta – kreditlar uchun kafolatlar berish va kreditlar boʻyicha foiz toʻlovlari uchun kompensatsiya olish, 12ta – yer uchastkalari ajratish, 11ta – zarur ruxsatnomalar va sertifikatlar olish bilan bogʻliq va boshqa masalalar koʻtarildi.
Har bir tilga olingan muammoni tahlil etish va uning amaliy yechimi boʻyicha algoritmni ishlab chiqishdan soʻng, Komissiya rahbariyati uni amalga oshirish boʻyicha aniq koʻrsatmalar berdi.
Shuningdek, vazirliklar, idoralar, tijorat banklari va mahalliy hokimiyat organlari masʼul rahbarlariga sanoat ishlab chiqarishini rivojlantirish va har bir tuman kesimida ustuvor tarmoqlarda yangi istiqbolli loyihalarni amalga oshirish uchun qoʻshimcha imkoniyatlarni aniqlash maqsadida tadbirkorlar bilan yaqindan ishlashni faollashtirish topshirildi. Shu nuqtayi nazardan viloyatda faoliyat koʻrsatayotgan kichik sanoat zonalarini rivojlantirish va ishlab chiqaruvchilarni oʻz hududida loyihalarni amalga oshirishga faol jalb etish orqali ularning salohiyatidan foydalanish samaradorligini oshirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Yigʻilish yakunida Hukumat komissiyasi tomonidan aniq ijrochilar, ijro etish muddatlari va kutilayotgan natijalarni koʻrsatgan holda amaliy chora-tadbirlarning batafsil rejasi qabul qilindi. Har bir topshiriqning bajarilishi ustidan tizimli nazorat olib borish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi zimmasiga yuklatildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.