Navoiy viloyati tadbirkorlari va eksportchilari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi

    Biznes 7 Aprel 2022 1359

    Joriy yil 6-aprelda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov raisligidagi hamda vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalari va tijorat banklari rahbarlaridan iborat Tashqi savdo, investitsiyalar, mahalliy sanoatni rivojlantirish va texnik jihatdan tartibga solish masalalari boʻyicha Hukumat komissiyasi Navoiy viloyatining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining bugungi holatini oʻrganish va uni yanada ragʻbatlantirish chora-tadbirlarini ishlab chiqish, shuningdek, tadbirkorlar va eksportchilar oʻz faoliyati davomida duch kelayotgan muammolarni tahlil qilish va hal etish maqsadida ushbu hududga yoʻl oldi.

    Tashrif davomida mahalliy ishbilarmon doiralari vakillari bilan uchrashuv tashkil etildi. Unda tizimli va xususiy xarakterdagi dolzarb masalalar muhokama qilindi.

    Tadbirda 250 dan koʻproq tadbirkor va eksportchilar qatnashdi. Ishtirokchilar bevosita Komissiya aʼzolariga murojaat qilib, oʻzlarining muammoli masalalari haqida soʻzlab berishdi, ularning har biri batafsil oʻrganib chiqildi.

    Har bir holat tahlil qilib boʻlingach, Hukumat komissiyasi rahbariyati tomonidan mutasaddi rahbarlarga oʻrganilgan muammolarni belgilangan muddatlarda hal etish choralarini koʻrish yuzasidan manzilli koʻrsatmalar berildi.

    Shuningdek, vazirliklar, idoralar, tijorat banklari va mahalliy hokimiyat organlari masʼul rahbarlariga ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish, sanoat tarmoqlarini rivojlantirish, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalarining iqtisodiy salohiyatidan foydalanish samaradorligini oshirish uchun qoʻshimcha imkoniyatlarni aniqlash maqsadida shahar, tuman va mahallalar kesimida hududning iqtisodiy, investitsiyaviy va sanoat salohiyatini oʻrganish boʻyicha ishlarni kuchaytirish zarurligi koʻrsatib oʻtildi. Bunda yoshlar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratish lozimligi taʼkidlandi.

    Tadbir ijtimoiy tarmoqlardagi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining rasmiy sahifalari orqali onlayn tarzda uzatib turildi. Shu sababli, tadbirkorlar va eksportchilar Hukumat komissiyasi rahbariyatiga Facebook va Instagram ijtimoiy tarmoqlari orqali murojaat qilish imkoniga ega boʻldilar. Qabul qilingan murojaatlar ham Komissiya aʼzolari eʼtiboriga havola etilib, diqqat bilan oʻrganib chiqildi, natijada har bir masala boʻyicha aniq yechimlar ishlab chiqildi.

    Hukumat komissiyasi topshiriqlarining bajarilishi ustidan tizimli nazoratni amalga oshirish masʼuliyati Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga yuklandi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.