Navoiy viloyatida 7 mingdan ortiq gektar maydonda intensiv bogʻ va uzumzorlar barpo etiladi

    Agrosektor 26 Fevral 2021 981

    Navoiy viloyatida joriy yil 7 012 gektar maydonda intensiv bogʻ va uzumzor yaratish rejalashtirilgan.

    Bugungi kunda koʻchat ekishga yer tayyorlash va nihollarni oʻtqazish kabi tayyorgarlik ishlarining borishi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish Inspeksiyasi viloyat boshqarmasi hamda tuman boʻlimlari tomonidan nazorat ostiga olingan.

    Mutaxassislar intensiv bogʻlarni afzalligi bu daraxtlarning tanasi kichik boʻlganligi uchun ular bilan ishlash (ishlov berish, sugʻorish, kesish, shakl berish, dori sepish va mevani terish) qulayligida, deb taʼkidlaydi. Bunday bogʻlarda daraxt tanasiga yorugʻlik tushishi, havo aylanishi yaxshi boʻlganligi uchun mevasining sifati yuqori boʻladi.

    Viloyatda 3 876 gektar tokzor hamda 3 136 gektar bogʻ yaratishga tayyorgarlik tadbirlari qizgʻin olib borilyapti. Jumladan, bugungi kunga qadar bogʻ yaratish uchun 2 million 611 dona koʻchat shart boʻlib, yetkazib berilganlari 1 million 307 donani tashkil etadi. Koʻchatlarni yetkazib berish boʻyicha hududlardagi “Tomorqa xizmati” masʼuliyati cheklangan jamiyatlari bilan shartnomalar tuzilgan. Bundan tashqari viloyat boʻyicha bogʻ yaratish uchun 159 nafar fermer va dehqonlar tomonidan 1 860 gektar yer maydoni koʻchat ekishga tayyorlandi.

    Tokzorlar barpo qilish uchun esa talab qilinadigan 4 million 295 dona koʻchatdan 2 million 758 donasi fermer va tadbirkorlarga yetkazib berildi. 1 981 gektar yer maydoni koʻchat ekishga tayyorlangan boʻlsa, 1 424 gektar maydonda tokzorlar barpo etildi.

    Xatirchi tumani joriy yilda 1 690 gektar maydonda tokzor hamda 540 gektar yerda bogʻ barpo etish rejaga kiritilgan. “Oʻzagroinspeksiya” tuman boʻlimi inspektorlari fermerlar bilan uchrashib, yerlarni tayyorlash, koʻchat tanlashda ahamiyat qaratish boʻyicha lozim boʻlgan jihatlar boʻyicha tavsiyalarni beradi.

    Hududdagi “Koʻksaroy” mahallasida joylashgan “Zarafshon golden siti” fermer xoʻjaligida joriy yil 100 gektar maydonga 111 000 dona koʻchat oʻtqazish hisobiga uzumzor yaratish rejasi berilgan. Bugungi kunda 36 gektar maydonga uzumning qora kishmish navli koʻchatidan oʻtqazildi.

    Bogʻdorchilikka ixtisoslashgan “TRIUMF FRUITGARDENS” fermer xoʻjaligi rejadagi 40 gektarning 18 gektariga bogʻ barpo qilib, olmaning serhosil va xaridorgir golden navli koʻchatidan oʻtqazdi.

    Xatirchi tumanida joriy yil 198 nafar fermer, tadbirkorlar tomonidan intensiv bogʻ va uzumzorlar yaratiladi. Maydonlarda yer tayyorlash bilan birga tik quduq qazish, elektr energiyasi kabellarini tortish ishlari davom etyapti. Bahorgi koʻchat oʻtqazish ishlarini 15-aprelga qadar tugatish rejalashtirilgan.

    Nurota tumanida esa 635 gektar maydonda yangi bogʻ, 1 045 gektar yerda tokzor barpo etiladi. Hududdagi “Nurota Golden Grapes” MCHJ tomonidan 40 gektar maydonda uzumzor tashkil etiladi. Hozirga qadar 15 gektar yerga uzumning 15 ming dona qizil rizamat, husayni, qora mers navli koʻchatlaridan oʻtqazildi. Toklarni parvarishlash uchun tomchilatib sugʻorish texnologiyasi ham oʻrnatildi.

    Qiziltepa tumanida ham 1 150 gektar maydonda yangi bogʻ bunyod etiladi. Bugungi kunga qadar buning uchun fermerlarga 499 ming dona koʻchat yetkazib berildi. Tumanda barpo etilgan bogʻ maydoni 325 gektarni tashkil etadi. Navbahor tumanida esa yangi yaratilgan bogʻ 72, Karmanada 84, Konimexda 38 gektarga toʻgʻri keladi.

    Taʼkidlash joizki, intensiv bogʻ va tokzorlar hosildorligini yuqoriligini taʼminlashda, tuproqni doim oziqlantirib turish, agrotexnik jarayonlarni oʻz vaqtida oʻtkazish zarur sanaladi. Bu har gektar maydondan 4–5 yili 50–60 tonnadan hosil olishga erishish deganidir. Yangi bogʻu uzumzor barpo etayotganlar ana shunday katta maqsadlarga bel bogʻlashgan, deb xabar beradi “Oʻzagroinspeksiya” Navoiy viloyat boshqarmasi matbuot xizmati.