Navoiy viloyatida “aqlli” gaz hisoblagichlar oʻrnatila boshladi

    Dolzarb 25 Mart 2021 1319

    2020-yil may oyidan boshlab, Navoiy viloyatida zamonaviy gaz hisoblagichlarni oʻrnatish ishlari boshlandi. Viloyatda tabiiy gazdan foydalanuvchi 152 mingdan ortiq aholi isteʼmolchilari mavjud boʻlib, 2021-yil yakunigacha mazkur xonadoniga gaz hisoblagich uskunalari oʻrnatilishi koʻzda tutilgan.

    Hisoblagich oʻrnatish jarayonida isteʼmolchilar uchta, yaʼni “qizil hudud”, “sariq hudud” va “yashil hudud”ga boʻlib olingan. Gaz isteʼmoli katta, lekin isteʼmolchi toʻlovi kam joylar “qizil hudud”, isteʼmol ham, toʻlov ham oʻrtacha boʻlgan joylar “sariq hudud””, isteʼmolga yarasha toʻlov qilinayotgan, isteʼmolchilarning toʻlov intizomi yaxshi joylar esa “yashil hudud” sifatida ajratib olingan.

    “Hududgaz Navoiy” gaz taʼminoti filiali tomonidan ayni vaqtga qadar viloyat boʻyicha jami 38 597 ta, “qizil” hudud hisoblangan Karmana tumanida esa 25 758 ta “aqlli” hisoblagich aholi xonadonlariga oʻrnatildi. Joriy yilning aprel oyiga qadar mazkur tumanda aholi xonadonlariga “aqlli” hisobdonlar toʻliq oʻrnatib boʻlinadi.

    Viloyatning Qiziltepa, Xatirchi tumanlari va Navoiy shahar hududi ham qizil hududga kiritildi.

    Mazkur hududlardan Navoiy shahrida 41 586 ta, Xatirchi tumanida 12 456 ta va Qiziltepa tumanida 19 251 ta aholi isteʼmolchilariga “aqlli” hisoblagichlar oʻrnatish rejalashtirilgan boʻlib, mazkur hududlarda ishlar boshlab yuborilgan..

    Qiziltepa tumanida 4 ta pudratchi tashkilotlar va fuqaroviy-huquqiy shartnomalar asosida jami 40 nafardan ortiq payvandchi va chilangarlar jalb etilib, zarur texnikalar hamda moddiy texnik resurslar vaqtida yetkazib berilishi natijasida bugungi kunga qadar 2 500 dan ortiq “aqlli” hisoblagichlar aholi xonadonlariga oʻrnatildi.

    Mazkur tumanda aholi xonadonlariga toʻliq zamonaviy hisobdonlarni oʻrnatib boʻlish joriy yilning may oyiga qadar yakunlash koʻzda tutilgan. Boʻlib, hozirda tumanning “Vangʻozi”, “Uzilishkent”, “Gulzor”, “Ayronchi”, “Gulbogʻ”, “Boʻston”, “Soʻfiyon”, “Oʻzbekiston”, “Furqat”, “Gʻoyibon”, va “Alisher Navoiy” mahallalarida “aqlli” gaz hisoblagichlarni oʻrnatish ishlari olib borilyapti.

    Maʼlumot oʻrnida aholi isteʼmolchilari uchun “aqlli” hisoblagichlarni oʻrnatib berish mutlaqo bepul boʻlib, uning xavfsizligini taʼminlashga isteʼmolchining oʻzi masʼul hisoblanadi.

    Dilfuza Gulyamova

    Suratni muallif olgan.