Navoiy viloyatida “Kelajak liderlari” klubi oʻz faoliyatini boshladi

    Mamlakatimizda 26 Avgust 2021 2737

    Navoiy viloyatida ham “Kelajak liderlari” klubi tashkil etildi. Mazkur klubning ochilishi yoshlarning ijtimoiy faolligini yanada oshirilishiga erishishni maqsad qilgan.

    Navoiy shahrida klubning ochilish marosimida davlat organlari, rahbarlik lavozimlariga yosh kadrlarni bosqichma-bosqich tayyorlashdagi klub oldida turgan vazifalar alohida taʼkidlandi.

    Nizomda belgilangan talab asosida toʻrt bosqichda sinovdan oʻtkazilgan 510 nafar nomzodlar orasidan eng munosib 50 nafar lider yoshlar klub aʼzoligiga qabul qilindi. Ularning 12 nafari oliy taʼlim muassasalari talabalari boʻlsa, 38 nafari yosh davlat fuqarolik xizmatchilaridan iborat.

    — Jamiyatda yechimini kutayotgan muammolar talaygina, — deydi klub aʼzosi, Navoiy davlat pedagogika instituti yoshlari yetakchisi Nodirjon Umarov. — Muammolar ommaviy axborot vositalarida, ijtimoiy tarmoqlarda keng miqyosda tanqidiy, tahliliy chiqishlar orqali koʻtarilmoqda. Biz, klub aʼzolarining vazifasi muammoni koʻtarish emas, balki uning yechimini topish, deb bilaman. Bugungi kunda muammoli masalalarning koʻpayib borayotganligi rahbar kadrlarning boshqaruv boʻyicha yetarli bilim va malakaga emasliklarida deb oʻylayman. Biz bugundan ana shunday muammolar bilan ishlab, ularning yechimini oʻz vaqtida topishni oʻrgansak va amaliyotda buni isbotlasak, albatta, kelajakning liderlari boʻlib shakllanamiz.

    Tadbir yakunida yosh liderlarga maxsus koʻkrak nishonlari va esdalik sovgʻalar topshirildi, deb xabar beradi Navoiy viloyat hokimiligi matbuot xizmati.