Navoiy viloyatiga 3,7 milliard dollar xorijiy investitsiya olib kelish vazifasi qoʻyildi

    Navoiy viloyatidagi ulkan salohiyatdan viloyat hokimi, uning 8 ta oʻrinbosari, 11 ta shahar-tuman hokimi unumli foydalanishi shartligi koʻrsatib oʻtildi.

    Yigʻilishga ulangan boshqa viloyatlar mutasaddilari ham bugungi tahlillar va topshiriqlardan aniq xulosa qilib, Navoiy misolida oʻz rejalarini tuzishi zarurligi qayd etildi.

    Viloyatga 3,7 milliard dollar xorijiy investitsiya olib kelib, 600 ta yangi korxonani ishga tushirish, 15-20 mingta yuqori daromadli ish oʻrni yaratish vazifasi qoʻyildi.

    Chuqur geologik tahlillar asosida yangi konlarni tayyor loyiha paketi bilan tadbirkor-investorlarga taklif qilish zarur.

    Uch yil davomida yiliga 350 ming gektar yaylovga yangi texnologiya asosida urugʻ va koʻchat ekish tashkil qilinib, 50 ming aholiga meva-sabzavot, bogʻ va chorva uchun boʻlib beriladi. 100 ta koʻp qavatli uy-joylar qurish rejalashtirilgan.

    Kambagʻallikni qisqartirish, migratsiyani yangi tizimi va 4 ta tuman tajribasi hisobidan yana 140 ming aholi bandligini taʼminlash, 16 ming oilani kambagʻallikdan chiqarish maqsad qilingan.