Navoiy viloyati respublikaning namunaviy hududiga aylantiriladi

    Hukumat 25 Noyabr 2022 2208

    Prezident Navoiy viloyatini respublikaning namunaviy hududiga aylantirish boʻyicha yangi tashabbuslarni ilgari surdi.

    Birinchi tashabbus - viloyat elektr energiyasini tejash boʻyicha namuna boʻladi.

    Buning uchun barcha tashkilotlarga 100 foiz quyosh panellari oʻrnatiladi. Barcha suv nasoslarini samarali ishlatish tizimi yoʻlga qoʻyiladi.

    Ikkinchi tashabbus - “Yashil makon” loyihasini amalga oshirishda viloyat namunaviy hududga aylantiriladi. Buning uchun:

    - barcha fermerlar tomonidan dala chetlariga tut va uzum ekish tizimi yoʻlga qoʻyiladi;

    - viloyatning 330 mahallasi va xonadonlarda rayhon va yalpiz ekish, qayta ishlash va sotish namunaviy tizimi yaratiladi.

    Ushbu tashabbusni amalga oshirish uchun barcha sharoitlar yaratilib, alohida imtiyoz va preferensiyalar joriy qilinadi.

    Uchinchi tashabbus - yaylovlarni ishga solish orqali echkichilik va qoʻychilikni keskin rivojlantirish.

    Viloyatga 200-300 ming bosh echki va qoʻy olib kelinadi va alohida dastur ishlab chiqiladi.

    Toʻrtinchi tashabbus - viloyatda infratuzilma obyektlari qurilishida resurslarni 30 foizgacha tejash namunasi.

    Ushbu tashabbusni amalga oshirishga, korrupsiyasiz shaffof tizim yaratishga viloyat prokurori masʼul boʻladi. Sektor rahbarlari bu tizimni ishlatadi.

    Yangi hokim va barcha sektor rahbarlariga ushbu tashabbuslarni amalga oshirish orqali bir yil davomida viloyatni ishsizlik va kambagʻallik toʻliq bartaraf etilgan hududga aylantirish yuzasidan topshiriqlar berdi.

    Yigʻilish yakunida davlatimiz rahbari Navoiy ahliga ezgu tilaklarini bildirib, barchaga yangi muvaffaqiyatlar tiladi.