Navoiy viloyatini yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi

    Mamlakatimizda 7 Aprel 2022 2204

    Navoiy shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Navoiy viloyatini kompleks rivojlantirish masalalariga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazdi.

    Yigʻilishda vazirliklar, idoralari, tarmoq birlashmalari hamda mahalliy hokimiyat organlari rahbarlari qatnashdi.

    Taʼkidlash kerakki, yuqorida qayd etilgan tuzilmalar vakillaridan iborat ishchi guruh bir hafta oldin viloyatga oʻz ishini boshlagan edi. Guruh vazifalariga iqtisodiy oʻsish, tadbirkorlik va xizmatlar sohasi, investitsiyaviy va eksport faoliyatini rivojlantirish, infratuzilma, qishloq va suv xoʻjaligi hamda ijtimoiy sohani takomillashtirishning bugungi holatini chuqur tahlil qilish masalalari kirgan edi.

    Yigʻilish davomida vazirliklar, idoralar va tarmoq birlashmalari rahbarlari amalga oshirilgan ishlar natijalari toʻgʻrisida hisobot berib, viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning navbatdagi chora-tadbirlari toʻgʻrisida takliflar taqdim etdi. Ular tarmoqlar va yoʻnalishlar kesimida muayyan tuman (shahar) larda amalga oshirilishi koʻzda tutilgan.

    Viloyatda investitsiyalar, sanoat ishlab chiqarish va eksport hajmlarining oʻsishini ragʻbatlantirish borasida ishga solinmagan imkoniyat va zaxiralarni aniqlash hamda ulardan toʻliq foydalanishga qaratilgan ishlarga katta eʼtibor qaratish topshirildi.

    Shuningdek, hududda yuqori qoʻshimcha qiymatga ega raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishga yoʻnaltirilgan toʻliq siklli yuqori texnologik ishlab chiqarish obyektlar sonini koʻpaytirish hamda unga bogʻliq tarmoqlarni rivojlantirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etishni ragʻbatlantirish va yangi ish oʻrinlari yaratish zarurligi taʼkidlandi.

    Tadbirkorlar va eksportchilar bilan manzilli ishlash mexanizmini takomillashtirish, kelib tushayotgan murojaatlarga tezkor javob berish va koʻtarilgan masalalarni hal etishni taʼminlash boʻyicha topshiriqlar ham berildi.

    Yigʻilish yakunida mutasaddi rahbarlarga viloyat miqyosida amalga oshirilishi lozim boʻlgan navbatdagi ishlar doirasida aniq vazifalar belgilab berildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.