Xizmat mohiyatining oʻzi aholini bir hujjatni deb ovora qilmaslik, fuqarolarga qulaylik yaratishdan iborat. Maqsad xalq rozi rizoligini olish.

Qiziltepa tumani Davlat xizmatlari markazi “Konsurun” filialining birinchi mijozi “Arabon” qishlogʻilik Nargiza Ergasheva boʻldi. Farzandlari yosh boʻlgani uchun markazga borib davlat xizmati olishga imkoni boʻlmagan fuqaro hovlisida gaz oʻrnatishga ruxsat olish uchun davlat xizmatini oldi.

Murojaati qabul qilinganidan xursand boʻlgan fuqaro oʻzi singari hududdagi 18 ming aholining davlat xizmatiga boʻlgan ehtiyoji hech qanday ovoragarchiliksiz qishloqning oʻzida hal boʻlishini taʼkidladi.

Toshrabotlik otaxon Bahodir Ismoilovning aytishicha, markaz filiallari tufayli endi odamlar uzoq yoʻlda mablagʻ yoʻqotmaydi, ortiqcha vaqt sarflamaydi. Chunki, “Toshrabot” massivida 8 ta mahallada 35 ming aholi yashaydi. 8 ta maktab va 6 ta qishloq vrachlik punkti mavjud. Mahalla faollarining fikricha, avval bir hujjatni olish uchun kunni kech qilishga toʻgʻri kelgan.

Endi toshrabotliklar tuman markaziga borish uchun 40 kilometrlik yoʻlni bosishmaydi.

DXA Navoiy viloyati axborot xizmati