Maʼlum boʻlishicha, 2023-yil yoz oylarida Navbahor tumanidagi “Qalqonota” mahallasi hududida joylashgan Sarmishsoy togʻ tizmasida bir guruh shaxslar qonunga xilof ravishda oltin qazish ishlarini boshlagan. Ular bir necha oy davomida sunʼiy hovuzlar va agʻdarma maydonlarini tashkil etib, oltin saqlangan togʻ jinslarini yigʻib kelgan.

2023-yil oktyabr oyida ichki ishlar organlari hamda Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbir natijasida ushbu holat fosh etildi. Hodisa joyida qum uyumlari, hovuzlar, agʻdarmalar va turli ashyolar daliliy ashyo sifatida rasmiylashtirib olindi.

Tekshiruvlar davomida jinoiy guruh tomonidan tarkibida 9 kilogramm 928 gramm oltin mavjud boʻlgan, umumiy qiymati 15 milliard 551 million soʻmdan ortiq togʻ jinslari oʻzlashtirilgani aniqlandi.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 196²-moddasi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, ayni paytda guruh aʼzolarining boshqa jinoyatlarga aloqadorligi boʻyicha tezkor-tergov harakatlari olib borilmoqda.