Navoiyda Hindistonning «Delhi world school» maktabi ochiladi

    Ta'lim 19 Iyun 2020 3392

    Hindistonlik investor loyihasi Navoiy viloyati hokimligi tomonidan qo‘llab-quvvatlandi hamda mazkur ta'lim dargohi uchun viloyat Tabiatni muhofaza qilish boshqarmasining bo‘sh turgan binosi ajratib berildi.

    Dunyoning ko‘plab davlatlarida faoliyat ko‘rsatayotgan Hindistondagi mashhur «Delhi world school» xususiy tayyorlov maktabini qurish ishlari jadallik bilan amalga oshirilmoqda.

    Maktabda o‘quvchilarning puxta bilim olishlari uchun barcha sharoitlar yaratiladi. Mavjud binoda 200 o‘ringa mo‘ljallangan 30 ta o‘quv xonasi tashkil qilinib, milliy qadriyatlar asosida jihozlanadi. Asosiy e'tibor bolalarning ruhiyatidagi ko‘tarinkilik va bilimlar dunyosidagi ilk qadamlarini mustahkamlashga qaratiladi. Ushbu maktabning boshqa xususiy maktablardan farqli tomoni ta’limning«Edumatters», ya’ni ta’lim va amaliyot tizimi asosida tashkil etilishidir.

    Xalqaro xususiy maktabdagi fanlar Hindistonning yuqori malakali o‘qituvchilari ishtirokida, ingliz tilida (O‘zbekiston tarixi, o‘zbek tili va adabiyoti bundan mustasno) olib boriladi.

    Maktabga o‘quvchilar suhbat asosida, iqtidori va imkoniyati doirasida o‘qishga qabul qilinadi.

    Ayni kunda 2020/2021-o‘quv yili uchun tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Ta’lim muassasasi o‘z faoliyatini 4-5-6 yoshli bolajonlarni o‘qishga qabul qilish bilan boshlaydi.