Raqobat qoʻmitasining Navoiy viloyati hududiy boshqarmasi joriy yilning yanvar oyida oʻtkazilgan oʻrganish va tahlillari natijasida viloyatda faoliyat yurituvchi tabiiy monopoliya subyekti hisoblangan “Elkimyo-suvtaʼminot” MCHJ tomonidan ichimlik suvi yetkazib berish va kanalizatsiya xizmatlari uchun isteʼmolchilardan 200 mln soʻmdan ortiq pul mablagʻlari olganlik holatlari aniqlandi.
Taʼkidlash joizki, Vazirlar Mahkamasining 722-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomiga muvofiq, Narxlarni tartibga soluvchi organning narxni (tarifni) deklaratsiya qilish (tasdiqlash) toʻgʻrisidagi qarori tabiiy monopoliya subyekti tomonidan ular kuchga kirishidan oʻn besh kun oldin ommaviy axborot vositalarida hamda oʻz rasmiy veb-saytlarida eʼlon qilishi shartligi belgilab qoʻyilgan.
Yuqoridagi aniqlangan holatlarga muvofiq, hududiy boshqarma Maxsus komissiyasi tomonidan “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonuni hamda Vazirlar Mahkamasining 722-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizom talablari buzilish alomatlari bilan “Elkimyo-suvtaʼminot” MCHJga nisbatan Vazirlar Mahkamasining 225-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomga asosan ish qoʻzgʻatilib, natijasi yuzasidan belgilangan tartibda moliyaviy jarimalar qoʻllash haqida qaror qabul qilindi.
Shuningdek, isteʼmolchilarga ortiqcha hisoblangan 200 mln soʻmdan ortiq mablagʻlarni qayta hisob-kitob qilish boʻyicha bajarilishi majburiy boʻlgan koʻrsatma berildi.