Navoiyda “Osh chempionati”

    Mamlakatimizda 1 Iyun 2021 1855

    Navoiy viloyatida 1-iyun — “Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni” munosabati bilan “Osh chempionati” boʻlib oʻtdi.

    Tadbir mahallalar, qishloq va ovullarda madaniy-maʼrifiy tadbirlar, ijodiy uchrashuvlar va konsert dasturlarini tashkil etish boʻyicha respublika targʻibotchilar guruhining Navoiy viloyatiga tashrifi doirasida viloyat Maʼnaviyat va maʼrifat boʻlimi hamda hamkor tashkilotlar bilan birgalikda tashkil etildi.

    Tadbir davomida oʻzbek milliy qadriyatlarini oʻzida mujassam etgan “Maʼnaviy saxovat” shiori ostidagi maʼnaviy-maʼrifiy tadbirda nafaqat maʼnaviyat fidoyilari tomonidan milliy taomimiz boʻlgan palovxontoʻraning tayyorlanish jarayonlari bilan tanishildi, balki, havaskor oshpazlarimiz tomonidan tayyorlangan mazali taomlar Navoiy shahridagi “Mehribonlik uyi” tarbiyalanuvchilariga va Karmana tumanidagi koʻzi ojizlar jamiyati aʼzolariga ham ulashildi.

    Shuningdek, Navoiy shahridagi “Alisher Navoiy” nomidagi madaniyat va istirohat bogʻi attraksionlar bolajonlar ixtiyorida boʻldi, qolaversa Respublikadan tashrif buyurgan xonandalar tomonidan konsert dasturi va qiziqarli chiqishlari namoyish etildi.

    “Osh chempionati”da gʻolib deb topilgan Nurota tumani jamoasiga viloyat Maʼnaviyat va maʼrifat Kengashi raisining diplom hamda qimmatbaho sovgʻalari (televizor, kir yuvish mashinasi) topshirildi.

    Shuningdek, 1,2,3- oʻrinlarni olgan tuman, shahar jamoalari (Navoiy shahar, Qiziltepa tumani, Uchquduq tumani)ga ham diplom va qimmatbaho sovgʻalar topshirildi.

    Bugungi bellashuv nafaqat bolajonlarni xursand qilish balki hokimlik tizimida faoliyat yuritayotgan hokim oʻrinbosarlarini oshpazlik borasidagi mahoratlarini ham sinovdan oʻtkazish boʻldi.

    Madaniy hordiq, doʻstona suhbat, madaniyat sohasi vakillarining tashrifi tadbirga oʻzgacha shukuh bagʻishladi.

    Bugungi osh tanlovining oliy mukofoti Nurota tuman hokimining oʻrinbosari Shuhrat Vafoyevga nasib etdi. Bolajonlar uchun atalgan taom ularning dasturxonidan alohida oʻrin oldi.

    Bayram shodiyonalari viloyat boʻylab davom etyapti, deb xabar beradi Navoiy viloyati hokimligi matbuot xizmati.