Navoiyda oxirgi uch yilda 2 milliard dollarlik yirik sanoat loyihalari ishga tushirildi

    Hukumat 25 Noyabr 2022 1915

    Navoiy shahrida Xalq deputatlari Navoiy viloyati Kengashi sessiyasi boʻlib oʻtmoqda. Unda Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etmoqda.

    Davlatimiz rahbari nutqining avvalida mehnatkash, bagʻrikeng, koʻpmillatli viloyat ahliga chuqur hurmat va ehtiromini bildirdi.

    Navoiyda oxirgi uch yilda 2 milliard dollarlik yirik sanoat loyihalari ishga tushgani taʼkidlandi.

    Buning natijasida 10 mingdan ortiq yangi ish oʻrni yaratildi, yiliga qoʻshimcha 1 trillion soʻm soliq tushumi va 100 million dollar eksport paydo boʻldi.

    Yaqinda ishga tushgan “Balpan-togʻ” va “Tomdi-buloq” konlaridan yiliga 3 million tonnadan oltinga boy maʼdan qazib olinadi.

    Shuningdek, Navoiy kon-metallurgiya kombinatida Turbay konini kengaytirish boʻyicha 130 million dollarlik loyiha ishga tushirish arafasida turibdi. Pistali konida oltinni qayta ishlash boʻyicha 275 million dollarlik loyiha amalga oshirilmoqda.

    Karmanada 35 million dollarlik kaliy nitrat ishlab chiqarish loyihasi, Qiziltepada 10 million dollarlik qurilish materiallari ishlab chiqarish loyihasi hamda Tomdida 70 million dollarlik fosforit ishlab chiqarish loyihasi amalga oshirilmoqda.

    Kelgusi yilda 140 million dollarlik kaliy sulfat, poliakril tola, quruq sianit tuzi chiqarish kabi loyihalar ishga tushadi.