Navoiyda “Prezident archasi” tadbiri yuqori saviyada tashkil etildi

    Mamlakatimizda 30 Dekabr 2021 1673

    Bolajonlar intiqlik bilan kutadigan “Prezident archasi” tadbiri Navoiy shahridagi “FARHOD” madaniyat saroyida boʻlib oʻtdi.

    Tuman, shaharlardan yetib kelgan 7 ta oilaviy bolalar uylarida tarbiyalanayotgan 62 nafar, mahallardagi chin yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan 128 nafar hamda xizmat vazifasini bajarish chogʻida vafot etgan huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlarining 33 farzandlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan yangi yil sovgʻalari bilan taqdirlandi.

    Kichkintoylarga qor malikasi, qorbobo, qorqiz, ajdaho va kirib kelayotgan yilning muchal sohibi yoʻlbarsning chiqishlari xushnudlik bagʻishladi. Madaniyat uyi badiiy jamoasining jozibador qoʻshiq va raqslari bolalarni ham sahnaga yetaklab chiqdi.

    Viloyat hokimi Normat Tursunov ishtirokchilarni tabriklab, ularga Prezident sovgʻalarini topshirdi. Farzandlari shod yurt doimo obod yurt boʻladi. Bayram shukuhi davom etadi, deb xabar beradi Navoiy viloyat hokimligi matbuot xizmati.