Masalan, Navoiy shahrida istiqomat qiluvchi X.M yangi yilning birinchi kunida qarindoshlarini bayram bilan tabriklash uchun Toshkent shahriga ketishni maqsad qildi. Erta tongda temir yoʻl vokzaliga chipta olish uchun kelgan fuqaroning alami-olti, sitami-sakkiz boʻldi. Oʻzini A.T deb tanishtirgan chiptachi shirakayf. Fuqaroga chipta rasmiylashtiray desa qoʻli ishga bormadi, shuning uchun internet tarmogʻi ishlamayotganini bahona qila qoldi. 

Ammo fuqaro X.M ancha kutdi. Bu orada Afrosiyob tezyurar poyezdi stansiyaga keldi, ketdi ham. Xunob boʻlgan fuqaro keyingi reysga ulguray deb yana chiptachiga murojaat qildi va baland ovozda xunob boʻlayotganini koʻrgan IIB TXTB xodimlari voqea joyiga kelishdi. Osoyishtalik posbonlarining aniqlashicha vokzal chiptachisi A.T haqiqatdan ham spirtli ichimlik isteʼmol qilgan va vazifasini bajara olmayotgan edi.

Xizmat vaqtida spirtli ichimlik isteʼmol qilganligi uchun A.Tga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 187-moddasi 1-qismida koʻrsatilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topildi va bayonnoma rasmiylashtirildi. 

Holat oʻrganilib bazaviy hisoblash miqdorining ikkidan bir qismi miqdorida jarima jazosi qoʻllanildi. Bundan tashqari vokzal xodimiga nisbatan xizmat tekshiruvi hamda rahbariyatga taqdimnoma kiritildi.

Navoiy viloyati IIB Axborot xizmati