Navoiyda voleybol boʻyicha xalqaro musobaqa start oldi

    Sport 19 Aprel 2021 1457

    Navoiy viloyatida voleybol boʻyicha ikki karra Olimpiya oʻyinlari chempioni Vera Duyunova xotirasiga bagʻishlangan xalqaro turnir start oldi. Unda hamyurtlarimiz qatori Qirgʻiziston va Tojikistondan ham jamoalar ishtirok etmoqda.

    17 yoshgacha boʻlgan qizlar oʻrtasida tashkil etilayotgan mazkur musobaqada jami 6 jamoa gʻoliblik uchun bahs olib boryapti. Musobaqani tashkil etishdan maqsad terma jamoamizga Xanchjou-2022 Osiyo oʻyinlari va Parij-2024 Olimpiya oʻyinlariga tayyorgarlik uchun iqtidorli nomzodlarni koʻrib chiqishdir.

    “Vera Duyunova Sobiq Ittifoq terma jamoasi tarkibida 1968-yilda Mexiko va 1972-yilda Myunxenda oʻtkazilgan Olimpiya oʻyinlarida gʻalaba qozongan. Shuningdek, u 1970-yilda Bolgariya va 1973-yilda Urugvayda boʻlib oʻtgan voleybol boʻyicha jahon chempionatida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan. V.Duyunova sportdagi faoliyatini yakunlagach, Oʻzbekistonda bolalar va ayollar sportini ommalashtirish bilan faol shugʻullandi. Koʻp yillar davomida ixtisoslashtirilgan voleybol maktabi rahbari sifatida oʻz tajribasini yosh avlodlarga oʻrgatib kelgan”, – deydi Oʻzbekiston voleybol federatsiyasi bosh kotibi Husan Nasrullayev.

    Yana bir ahamiyatli tomoni bellashuvlarni kuzatib borish uchun Osiyo voleybol konfederatsiyasi vakillari ham tashrif buyurgan. Musobaqa 23-aprelga qadar davom etadi. Shuningdek, 19-22-aprel kunlari xalqaro ekspertlar tomonidan yurtimizda sohil voleybolini rivojlantirish maqsadida Navoiy Olimpiya zaxiralari sport maktabida murabbiylar uchun seminar-trening ham tashkil etilishi rejalashtirilgan, deb xabar beradi Milliy olimpiya qoʻmitasi matbuot xizmati.