Navoiyda “Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari kunlari boʻlib oʻtdi

    Dolzarb 17 Noyabr 2023 2100

    Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universitetida oʻtkazilgan tadbirda talaba-yoshlar, universitet professor-oʻqituvchilari, "Yangi Oʻzbekiston" va "Pravda Vostoka" gazetalari bosh muharriri Salim Doniyorov, tahririyatning bir guruh xodimlari ishtirok etdi.

    Samimiy, ochiq muloqot ruhida oʻtgan uchrashuvda Tahririyat faoliyati, axborot xuruji kun sayin avj olayotgan, dunyoda xavfsizlikka tahdid kezib yurgan bir sharoitda xolis axborotga ehtiyoj har qachongidan ham kuchayayotgani haqida fikrlashildi.

    Uchrashuvda yangi Oʻzbekistonni barpo etish, Uchinchi Renessans gʻoyasini amalga oshirish maqsadida keng koʻlamli ishlar qilinayotgani haqida ham soʻz bordi. Davlatimiz rahbari bu jarayonda ommaviy axborot vositalarining ham alohida oʻrni borligini hamisha taʼkidlab, eʼtirof etib keladi. Shu maʼnoda, bugun jurnalistlar oldida juda katta vazifalar turibdi.

    “Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar va ularning yorqin samarasi, xalqimiz quvonchi, dardu tashvishlarini koʻp sonli oʻquvchilarga yetkazishi tufayli oʻtgan qisqa davr mobaynida katta auditoriyani qamrab olgani, tahliliy-tanqidiy mazmundagi maqolalar bilan bugungi islohotlar natijadorligiga munosib hissa qoʻshib kelayotgani alohida tilga olindi.

    Tahririyat bugun nafaqat gazeta chop etadi, balki internet, ijtimoiy tarmoqlarda ham zamonaviy, katta imkoniyatlarga ega texnologiyalar yordamida faoliyat koʻrsatmoqda. Jumladan, www.yuz.uz veb-sayti, yuz_official telegram kanali, instagram, yutub, feysbuk kabi platformalarda ham oʻz oʻquvchilariga ega. Bu platformalarda tezkor axborotlar, tahliliy materiallar, videointervyular, suhbatlar berib boriladi va ularni har kuni yuz minglab oʻquvchilar kuzatib boradi. Shuningdek, tahririyat xodimlari bir vaqtning oʻzida internet televideniye yoʻnalishida ham ish olib bormoqda. Ular dolzarb mavzularda tahliliy suhbatlar uyushtirib, internet orqali oʻquvchilar eʼtiboriga tushayotgani ham bor gap.

    Tahririyatning alohida bir xususiyati mamlakatimizdagi eng keksa nashr – “Pravda Vostoka” va eng yosh nashr – “Yangi Oʻzbekiston” gazetalari birligida ham koʻzga tashlanadi. Bu yangi Oʻzbekistonda tarixga hurmat ruhi qadrlanayotgani va yangilanayotgan jamiyatimizning ulugʻvor qiyofasini yaratishda ilgʻor tajribalar uygʻunlashayotganidan dalolat beradi.

    Uchrashuv soʻnggida talaba-yoshlar va ustozlarga tahririyatning esdalik sovgʻalari ulashildi.