Yaqin kunlarda Navoiy viloyatida kovorking markazi ochilishi rejalashtirilgan. Shu sababli, joriy yilning noyabr oyida viloyatning turli shahar va tumanlaridan 650 nafardan ziyod yoshlari ishtirokida “Navoiyda kovorking markazi qanday ishlashi kerak?” mavzusida soʻrov oʻtkazildi. Muloqot davomida ana shu soʻrov natijalari taqdimot qilindi.
Jumladan, soʻrov natijalariga koʻra, “yu-reportyorlar”ning aksariyati (77 foizi) kovorking markazda buxgalteriya va soliq boʻyicha konsalting xizmatlari koʻrsatilishi kerakligini taʼkidlagan. Respondentlarning uchdan biri (30 foizi) Internet va ish uchun zarur vositalardan tashqari, markazda biznes-trening kurslari oʻtkazilishi muhim, deb hisoblaydi. Respondentlarning 23 foizi kutubxona, 10%i fanlar boʻyicha qoʻshimcha darslar va kafe tashkil etish zarur, deb biladi.
Soʻrovda qatnashgan yoshlarning 93 foizi kovorking markazda turli xil seminarlar tashkil etilishini xohlaydi. Shuningdek, respondentlarning 78 foizi bunday markazlar Navoiy viloyatining tumanlarida ham ochilishini istaydi.
Yoshlar bilan muloqot yakunida mahalliy hokimlik vakillari ochilajak kovorking markazining faoliyati boʻyicha viloyat yoshlarining fikrlarini inobatga olgan holda qaror qabul qildi, shuningdek, navbatdagi hududiy muloqotlar uchun mavzularni muhokama qildi.
“Yoshlar — Yu-Report – hokim” turkum muloqotlari pilot sifatida Navoiy viloyatida yoʻlga qoʻyildi. Bunday formatdagi muloqotlar mamlakatimizning boshqa hududlarida ham davom ettiriladi. Asosiy maqsad – hududdagi islohotlar jarayoni, qarorlar qabul qilinishida yoshlar ishtirokini oshirish.
2020-yil avgust oyida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Yoshlar 2020: global birdamlik, barqaror taraqqiyot va inson huquqlari” mavzusida oʻtkazilgan inson huquqlari boʻyicha Samarqand forumi ishtirokchilariga murojaatida: “Bunday sharoitda yoshlarning ovoziga quloq tutish juda muhimdir. Ularning dolzarb ehtiyojlarini taʼminlash, huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan milliy, mintaqaviy va global strategiya va dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda bevosita ishtirok etishlari uchun yoshlarga imkoniyat yaratib berish zarur”, – deya taʼkidladi. Yu-Reportning hududiy muloqotlari ham milliy va mintaqaviy dasturlarni ishlab chiqishda yoshlarning ishtirokini kuchaytirishga qaratilgan.
Muloqotda Navoiy viloyati hokimi Qobul Tursunov, YUNICEFning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzoda, “Yuksalish” UMH raisi Bobur Bekmurodov, viloyat yoshlari va OAV vakillari qatnashdi. Ular muloqot ishtirokchilari – yoshlarning takliflarini tinglashdi. Masalan, “Yoshlar parlamenti” aʼzosi Zumrad Qarshiboyeva tengdoshlarining huquqiy savodxonligini oshirish va ular orasida jinoyatchilikning oldini olish uchun kovorking markazda bu kabi muloqotlarni tez-tez tashkil etish, psixologik darslarni yoʻlga qoʻyish taklifini bildirdi. Taklif hokim tomonidan maʼqullandi va bu borada amaliy koʻmak berishga tayyor ekanini aytdi.
Yu-report turkum muloqotlarini Forum shaklida oʻtkazishi, unga respublikaning barcha hududlaridan yoshlarni jalb qilishi taʼkidlandi. Shuningdek, viloyatlarda band boʻlmagan yoshlar bilan ishlash, ularni volontyorlik faoliyatiga qamrash va erishgan natijalari boʻyicha volontyorlarni ragʻbatlantirish tizimini yaratish muhimligi qayd etildi, deb xabar beradi “Yuksalish” umumilliy harakati matbuot xizmati.
Maʼlumot uchun: Yu-Report bu – yoshlarga oʻzlarini qiziqtirgan masalalar boʻyicha fikrlarini bildirish, qarorlar qabul qilinishida Hukumat va yoshlar oʻrtasida muloqot oʻrnatish uchun platformadir.
Yu-Report – bugungi kunda mamlakatdagi yagona va unikal yoshlar platformasi boʻlib, u butun mamlakat boʻylab yoshlarning fikri, ijtimoiy kayfiyatini tezkorlik bilan oʻrganishga imkon beradi. Platformaga ulangan foydalanuvchilar soni 116 000dan oshadi (10-dekabr holatiga) va ularning soni kun sayin oʻsib boryapti.