Bilim va malakalarni baholash agentligining maʼlum qilishicha, Munavvara Choʻliyeva agentlik tomonidan oʻtkazib kelinayotgan milliy sertifikat imtihonlarida ishtirok etib, oltita fan – biologiya, kimyo, oʻzbek tili va adabiyot, tarix, matematika hamda ingliz tilidan sertifikatni qoʻlga kiritgan.
Vazirlar Mahkamasining 646-son qaroriga muvofiq umumtaʼlim fanlaridan A+, A darajali milliy sertifikatga ega boʻlgan abituriyentga ushbu fandan maksimal ball, B+, B, C+, C darajali milliy sertifikatlarga ega boʻlgan abituriyentga esa tegishli majburiy fanlar boʻyicha belgilangan eng yuqori ball beriladi.
“Munavvara maktabni joriy yil tamomlagan. U mutaxassislik fani sifatida biologiya va kimyo fanlarini tanlagan hamda mazkur fanlardan maksimal ball beradigan darajali sertifikatga ega. Shuning bilan birga, Munavvarada majburiy fanlardan ham milliy sertifikat mavjud boʻlib, bu Munavvaraning muddatidan oldin oliy taʼlim muassasalariga kirishda toʻplash mumkin boʻlgan (189 ball) maksimal ballga ega boʻlganligini bildiradi”, – deyiladi agentlik xabarida.
Taʼkidlash lozim, 2024-2025-oʻquv yilida oliy va professional taʼlim muassasalariga qabul jarayoni “avval test, keyin tanlov” tamoyiliga asosan tashkil etiladi. Abituriyentlarni onlayn roʻyxatga olish 25-iyunda yakunlangan edi.