Tadbirda viloyat hokimi Normat Tursunov ishtirok etib, nufuzli musobaqada yuksak natijalarni qoʻlga kiritgan sportchilar orasida viloyatimiz vakillarining ham borligini faxr bilan tilga oldi.
Alohida eʼtirof etish kerakki, Xanchjou shahrida oʻtkazilgan XIX yozgi Osiyo oʻyinlarida Navoiy viloyatidan 10 nafar sportchi ishtirok etib, ularning 4 nafari gʻolib va sovrindorlar qatoridan joy oldi.
Xususan, Kurash sport turi boʻyicha Umid Esanov Osiyo oʻyinlarining gʻolibiga aylanib, oltin medalga sazovor boʻldi.
Baydarka va kanoeda eshkak eshish sport turi boʻyicha jamoaviy bahslarda esa Shahrizoda Mavlonova, shuningdek futbol boʻyicha 23 yoshgacha boʻlgan Oʻzbekiston Milliy terma jamoasi safida toʻp surgan 2 nafar futbolchimiz Sherzod Esanov hamda Jasur Jaloliddinov 3-oʻrinni egallab, bronza medaliga sazovor boʻlishdi.
Tadbirda viloyat hokimi Normat Tursunov Osiyo uyinlarida oltin medalni qoʻlga kiritgan Umid Esanovga 100 million soʻm pul mukofoti hamda ikki xonali uyning kalitini tantanali ravishda topshirdi. Shuningdek, sportchilar va ularning murabbiylariga pul mukofotlari topshirildi.