Taqdimotda Oʻzbekiston xalq shoirlari Sirojiddin Sayyid, Usmon Azim, “Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri Ahmadjon Meliboyev Abdulla Aʼzamning nafaqat matematika olamida, balki navoiyshunoslikda ham hech bir olimdan qolishmasligi haqida soʻz yuritdi. Kitob hajm jihatdan u qadar katta boʻlmasa-da, juda koʻp izlanishlarning natijasi ekani koʻrinib turibdi. Unga jam boʻlgan qiziqarli va mohiyatan chuqur maʼlumotlar esa dunyolarga tengligi aytib oʻtildi. Olimning gʻazalni, aruzni yaxshi tushunishi esa alohida eʼtirof etildi.

– Ushbu kitob Alisher Navoiyning “Hayrat ul-abror” dostoniga bagʻishlangan, – deydi professor Abdusalom Umarov. – Muallif bir necha yildan buyon shoir asarlarini tadqiqot qilib kelmoqda. Bu asari orqali olim oʻzining faylasuf sifatidagi isteʼdodini ochib berishga harakat qilgan va bunga erishgan ham.

Mazkur asarda muallifning ilmga, soʻz sanʼatiga masʼuliyat bilan yondashganiga guvoh boʻlasiz. Kitobni oʻqir ekansiz, uning uzoq yillar davomidagi ilmiy izlanishlari, navoiyshunoslik olamidagi kashfiyotlariga duch kelasiz. Unda Navoiyning ijodiy olami, koʻplab tarixiy voqealar mazmuni chuqur ochib berilgan. Asar shoir gʻazallari tahlilini va boshqa hodisalar tafsilotlarini oʻzida jamlagan. Eng muhimi kitobda ilgari surilgan gʻoya inson koʻnglidagi tuygʻularni yanada baland nuqtalarga koʻtaradi. Taqdimotda soʻzga chiqqan adabiyotshunoslar asarning ana shu jihatlariga ham eʼtibor qaratishdi.

Zulayho Ahmadjonova,
jurnalist