Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 14-iyuldagi “2022-2030-yillarda «Navoiyuran” davlat korxonasida uranni qazib olish, qayta ishlash hajmlarini oshirish hamda uni transformatsiya qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi PQ-319-son qarorida korxonada xalqaro talablarga muvofiq ekologik, ijtimoiy va korporativ boshqaruv – “Environment, Social and Governance” (ESG) tamoyillarini joriy etish hamda reytingini qoʻlga kiritish topshiriqlari belgilangan.
Mazkur topshiriqlar ijrosini taʼminlash maqsadida korxonada “ESG” tamoyillarini joriy etish jarayonlari boshlangan boʻlib, “Navoiyuran” DKning 2022 va 2023-yillar uchun Barqaror rivojlanish hisobotlari xalqaro miqyosda tan olingan “Global Reporting Initiatives” (GRI) standartlari asosida shakllantirildi.
Joriy yil 6-may sanasida “Navoiyuran” davlat korxonasining navbatdagi kuzatuv kengashi yigʻilishida 2022-yil yakunlari boʻyicha tayyorlangan Barqaror rivojlanish hisoboti koʻrib chiqildi. Ushbu hisobotda 20 dan ortiq GRI standartlari asosida yigʻilgan maʼlumotlar aks ettirilgan boʻlib, jumladan, korxonaning atrof-muhitga koʻrsatayotgan taʼsirini ifodalovchi, energiya tizimi samaradorligi, xodimlar bilan munosabatlari, korporativ boshqaruv bilan bogʻliq axborot, korxona iqtisodiy samaradorlik koʻrsatkichlarini va shu kabilarni oʻzida mujassam etuvchi koʻplab maʼlumotlarni oʻz ichiga oladi.
Yuqoridagi qaror bilan “Navoiyuran” davlat korxonasi salohiyatini toʻlaqonli namoyish etish maqsadida maʼlumotlarni rasman eʼlon qilish boʻyicha cheklovlarni olib tashlash belgilangan. Bu esa, oʻz navbatida, “Navoiyuran” davlat korxonasini dunyoga yanada tanitish va oʻz mavqeini yanada mustahkamlashiga qaratilgan muhim bosqichlardan biri hisoblanadi. Barqaror rivojlanish hisobotlari kelgusida nufuzli xorijiy kompaniyalar va investorlarni hamkorlik qilishga jalb etuvchi manbalardan biri ekanini alohida eʼtirof etish joiz.
Mazkur barqaror rivojlanish hisobotining davlat tili va ingliz tilidagi nusxalari yaqin orada nashr etilishi hamda keng jamoatchilikka taqdim etilishi rejalashtirilgan.
“Navoiyuran” DK axborot PR xizmati
Reklama