— Inson sogʻligʻi ovqatlanishning alohida tarkibiga, mahsulotlar va taomlarning sifatiga bevosita bogʻliq boʻladi. Toʻgʻri ovqatlanish barcha maʼlum boʻlgan kasallik holatlarining 80 foizining oldini olishda ahamiyatlidir.
Navroʻz ayyomi kunlarida xalqimiz koʻklamga yetganlik shukronasi sifatida, mahallalarda bayram sayllari oʻtkazish taraddudida boʻladi. Shu kunlarda dasturxonga koʻklam taomlarni bilan birgalikda oʻnlab turdagi yeguliklar, taomlar, pishiriqlar va shirinliklar qoʻyiladi. Bu esa bahorgi holsizlik bilan yuzma-yuz turgan inson organizmi uchun ancha ogʻirlik qilishi turgan gap.
Ovqat toʻliq hazm boʻlmasdan turib, yana taom yeyilsa, hazm jarayoni ogʻirlashadi. Chunki oshqozonda ovqat ustiga yana taom tushishi shira aralashish meʼyorini buzadi. Bu oʻz oʻrnida kishida qorin gʻuldirashi, dam boʻlishi va lohaslik kabi holatlarning paydo boʻlishiga sabab boʻladi.
Maʼlumki, meʼda ovqatga toʻlib ketsa, uning harakat funksiyasi yomonlashadi, natijada oshqozondagi oziq moddalarning shira bilan aralashishi qiyinlashib, hazm jarayoni izdan chiqadi.
Agar qorin toʻyishiga oz qolganda ovqatdan qoʻl tortilsa, kishi hazm aʼzolarining ishi yengillashadi, odam oʻzini yaxshi his qiladi va keyingi ovqatlanishga ishtaha saqlaydi.
Demak, bayram kunlarida noxush holatlarga barham berish uchun, avvalo, ovqat isteʼmol qilish tartibiga rioya qilish lozim. Kun davomida sabzavotli salatlar, oshkoʻklar, hoʻl mevalardan, koʻklam neʼmatlaridan oz-ozdan isteʼmol qilingani maʼqul.
Tabiiy mahsulotlar koʻproq yeyilganda 50 foiz hollarda hazm qilish aʼzolari yaxshi ishlaydi. Natijada meʼda-ichaklar ishi osonlashib, organizmning ovqat hazmiga sarflanadigan energiyasi birmuncha tejaladi.
Sogʻliqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.