Mart oyida Qashqadaryo viloyati Ko‘kdala tumanidagi sayilda gaz portlashi oqibatida salkam 40 kishi jarohatlangan edi. 9-iyul kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Ko‘kdala tumani sudida mazkur holat yuzasidan hukm o‘qildi.
Sud hujjatlarida keltirilishicha, 22 yoshli B.Sh. (erkak) 18-mart kuni Ko‘kdala tumani To‘qmor MFYda o‘tkazilayotgan Navro‘z bayramiga baliq pishirib sotish uchun borgan. 27 litrli gaz balloniga gaz plitasini o‘rnatib, foydalanishni boshlagan vaqtda profilaktika inspektori undan ballonni aholi to‘planib turgan hududdan chetroqqa olish yoki yerga ko‘mishni so‘ragan. Lekin bu so‘rov bajarilmagan. Soat 12:00 atrofida gaz balloni portlagan.
Oqibatda sayilga buvisi bilan borgan A.R. (ayol) yuz, bo‘yin, ko‘krak, old qorin, ikkala yelka, bilak, kaft, panja, son, boldir va tizza sohalaridan 80% kuyish ko‘rinishidagi jarohatlarni olib, oradan bir oydan ko‘proq o‘tgach vafot etgan. Bundan tashqari, portlash oqibatida 7 kishi kuyib, o‘rtacha og‘ir, yana 7 kishi esa og‘ir tan jarohati olgan.
Bu harakatlari orqali B.Sh. Jinoyat kodeksining 102-moddasi 1-qismi, ya’ni ehtiyotsizlik orqasiday odam o‘ldirish va 111-moddasi 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topildi.
Sudda 3 nafar jabrlanuvchi B.Sh.ga da’vosi yo‘qligini aytib, unga yengillik berishni so‘ragan bo‘lsa, ayrimlar jarohatlar uchun qilingan xarajatlar qoplansa, unga nisbatan da’vosi yo‘qligini bildirdi. Ba’zi jabrlanuvchilar esa qonuniy chora ko‘rishni so‘rash bilan cheklandi.
Hukmga ko‘ra, yigitga 2-yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish va 360 soat majburiy jamoat ishlari jazosi tayinlandi. Jazo manzil tartibli koloniyalarda o‘tattirilishi belgilandi.