Nazarbek koʻprigi foydalanishga topshirildi

    Koʻprikning foydalanishga topshirish muddati shu yil noyabr oyiga moʻljallangan edi. Lekin loyiha muddatidan qariyb 6 oy avval qurib bitkazildi.

    Toshkent viloyatining Zangiota tumanidagi Nazarbek shaharchasida ham soʻnggi yillarda aholi soni ortdi. Ayni paytda ushbu shaharcha hududidagi toʻqqizta mahallada 32 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladi.

    Koʻpchilikka maʼlum, ularni bir necha yildan buyon qiynayotgan masala ushbu hududdan oʻtuvchi temir yoʻl va avtomobil yoʻli kesishmasining vaqti-vaqti bilan yopilib turishi va uzundan uzoq tirbandliklarning kelib chiqishi oqibatida shahar markazi va shaharchaga yetib olish masalasining qiyinlashib borayotgani edi.

    Maʼlumki, 4R253 avtomobil yoʻli bilan kesishgan temir yoʻldan har kuni yuk poyezdlari oʻtib turadi. Poyezd qatnovi tufayli avtomobil yoʻli shlagbaum bilan yopiladi, yoʻllar toʻsiladi.

    Koʻprikning uzunligi 940 metr 20 eni metrni tashkil etib, obyektning umumiy qurilish-montaj ishlari qiymati 113 milliard soʻm ajratilgan. Bosh pudratchi “Koʻprik qurish Tresti” DUK ning 13-koʻprik qurish otryadi tomonidan obyektda qurilish-montaj ishlari davom ettirilmoqda.

    Ushbu yirik loyihaning dastlabki qurilish ishlari 2021-yilning soʻnggi oylarida boshlangan boʻlib, dastlab, tajribali mutaxassislar bilan loyihaning har bir jihatini puxta oʻrganib, zamonaviy texnikalarda ishlar bajarildi.

    Mustahkam temir-beton poydevorlari bosqichma-bosqich tayyorlandi. Yer osti yoʻl oʻtkazgichining poydevorlarida qurilish ishlari 100 dan ortiq tajribali mutaxassislar tomonidan 20 dan ziyod zamonaviy texnikalar jalb etilgan holda ishlar olib borildi.

    Qurilish obyektiga zarur boʻlgan temir-beton mahsulotlari “Koʻprikqurilish tresti” unitar korxonasiga qarashli tashkilotlarda ishlab chiqarilgan boʻlib, materiallar oʻz vaqtida yetkazib berib turildi. Loyiha doirasida geodeziya, hududdagi kommunikatsiyalarni koʻchirish hamda vaqtinchalik temir yoʻl izini qurish ishlari sifatli bajarildi.

    Obyektning tunel qismida poydevor qazish ishlaridan soʻng, betonlandi. 94 dona temir-beton bloklari montaj qilinib, poydevor qismi bilan biriktirish ishlari olib borildi. 12 ta kartada kotlovanlarni qayta koʻmish ishlari amalga oshirildi.

    Alohida taʼkidlash lozimki, belgilangan reja-grafikka koʻra, koʻprikning foydalanishga topshirish muddati shu yil noyabr oyiga moʻljallangan edi. Lekin loyiha muddatidan qariyb 6 oy avval qurib bitkazildi.

    Ushbu zamonaviy koʻprik yordamida 32 mingdan ziyod mahalliy aholi va mehmonlarning ancha vaqti tejaladigan boʻldi. Qolaversa, avtoulovlar tirbandligi barham topishi natijasida atrof-muhim ekologiyasi musaffoligi ham yaxshilanadi.