“Nazarbek” sanatoriysi maxsus shifoxonaga aylantirildi

    Mamlakatimizda 1 Avgust 2020 1158

    Respublika maxsus komissiyasining 2020-yil 28-iyuldagi 39-sonli qaroriga muvofiq, tumanimiz hududida joylashgan “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi “Nazarbek” sanatoriysi 350 oʻringa moʻljallangan koronavirusga chalingan bemorlarni davolash kompleksiga aylantirildi.

    Kuni kecha mazkur davolash majmuasining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Tadbirda Oʻzbekiston Milliy gvardiyasi qoʻmondoni, general-mayor Rustam Joʻrayev, Toshkent viloyati hokimi Rustam Xolmatov, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ tibbiyot xizmati boshligʻi va boshqa mutasaddi tashkilot rahbarlari ishtirok etdi.

    Mazkur kompleksda jami 350 ta oʻrin mavjud boʻlib, shundan 8 tasi – oʻta ogʻir bemorlar, 72 tasi – ogʻir bemorlar va 270 tasi yengil va oʻrta darajali bemorlarni davolash uchun moʻljallangan.

    Bemorlarni davolashga jami 90 nafar tibbiyot xodimi jalb etilgan. Bularning 24 nafari shifokorlar, 42 nafari hamshira, 13 nafari kichik tibbiyot xodimlari va 11 nafari xoʻjalik xodimlaridan iborat.

    Hozirda davolash kompleksi zaruriy tibbiy texnika va anjomlar bilan toʻliq jihozlandi. Jumladan, 5 ta sunʼiy nafas oldirish apparati, 45 ta oksigenerator, 100 ta Bobrov apparati, 1 dona portativ rentgen apparati, rentgen digizayter apparati, 1 ta EKG apparati, 25 dona pulsoksimetr, 4 ta funksional koyka, 3 dona kardiomonitor, 4 dona infuzomat, 1 dona laringoskop, 50 dona pirometr, 70 dona shtativ, 2 ta defibrillyator, 2 ta katalka, 2 ta aravacha, 2 ming dona himoya kombinezoni, 2 ming dona niqob, 300 dona himoya koʻz oynagi bilan jihozlangan.

    Davolash jarayoniga Toshkent Tibbiyot akademiyasi kafedra mudiri, tibbiyot fanlari doktori, professor Oktyabr Teshayev bosh shifokor sifatida jalb etildi.

    Bugungi kunda shifoxonada 350 nafar bemorni davolash uchun talab etiladigan 3 xil turdagi COVID-19ʼga qarshi, bundan tashqari, 48 xil turdagi umumiy dorilar (pnevmoniyaga, qon bosimini tushirish, yoʻtalni davolash va hokazo) zaxirasi jamlandi.

    Davolash jarayonini samarali tashkil etish hamda ushbu jarayonda eng ilgʻor tajribalarni amaliyotga tatbiq etish maqsadida shifokorlar uchun telemeditsina tizimi joriy etildi. Shifokorlar va Milliy gvardiya xodimlari 15 ta portativ radioaloqa vositalari bilan taʼminlandi.

    Zangiota tumani hokimligi Axborot xizmati.