“Oʻzbekgidroenergo” AJ tasarrufidagi “Energetiklar sihatgohi”da Jamiyat Axborot xizmati tashabbusi bilan tizim korxona va tashkilotlarining rasmiy veb-sayt hamda ijtimoiy tarmoqlarga masʼul xodimlari uchun oʻquv-amaliy seminari oʻtkazildi.

Seminar ishtirokchilariga ikki kun davomida soha mutaxassislari hamda energetika tizimi sohaviy tashkilotlari vakillari tomonidan maxsus maʼruzalar yordamida amaliy mashgʻulotlar oʻtkazildi.

Tadbirda maʼruzachi sifatida ishtirok etgan oliy toifadagi jurnalist, Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti dotsenti M. Saidova, Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti katta oʻqituvchisi O. Norov tomonidan axborot tizimi, sohani tashkil etuvchi asosiy omillar va mezonlar, axborot xavfsizligini taʼminlashning muhim jihatlari, jurnalistika tarixi va zamonaviy tendensiyalari, asosiy normativ-huquqiy hujjatlar, OAV turlari va auditoriyasi, matn bilan ishlash jarayonidagi asosiy xususiyatlar, materialning mohiyatini ifodalashning tuzilmaviy qismlari, asosiy mezon va tamoyillar, obyektivlik va aniqlik, tezkorlik va umumiy qamrovga eʼtibor qaratish boʻyicha interaktiv shaklda oʻquv-amaliy mashgʻulotlar oʻtkazildi.

Har bir maʼruza yakunida “Oʻzbekgidroenergo” AJ tizim korxona va tashkilotlaridan seminarga tashrif buyurgan masʼul xodimlar bilan jonli muloqot shaklidagi savol-javoblar oʻtkazildi, ularni qiziqtirgan savollarga nazariy-amaliy mazmundagi javoblar qaytarildi.

Shuningdek, oʻquv-amaliy seminar davomida “Oʻzbekgidroenergo” AJ tizim korxona va tashkilotlarining rasmiy veb-sayt hamda ijtimoiy tarmoqlarga masʼul xodimlariga PR-texnologiyalar, OAVlarida PR-texnologiyalarini qoʻllash, tashkilot imidjini oshirishda eʼtiborga molik chora-tadbirlar, media makonda ishlash, provokatsion savollarga hozirjavoblik, ijtimoiy tarmoqlarning ahamiyati va ulardan samarali foydalanish, bayonot berish tartibi va ishonchlilik darajasini yuksaltirish, tashkilot veb-sayti va telegram kanali dizaynini yaratish hamda jozibadorligini oshirish, maʼlumotlar tayyorlashda materiallarning ajralmas qismi hisoblangan fotosuratlarning sifati, mavzu mohiyatini ochib berishi hamda rakurslari boʻyicha zaruriy nazariy bilimlar hamda amaliy tavsiyalar berildi.

Seminar ishida qatnashgan oliy toifali mediatrener, filologiya fanlari nomzodi, dotsent Nargis Qosimova oʻzining interaktiv shakldagi taqdimotlari bilan ishtirokchilarda yaxshi taassurot qoldirdi.