Beshariq tumanidagi “Oʻktamov Zohirshoh”, “Oʻtkir Umurzoqov”, “Ibrohimjon Baliqlari”, “Ergash hosilot fayzi” nomli fermer xoʻjaliklari 2020-2021-yillar uchun tuman suv isteʼmolchilari uyushmasi bilan shartnoma tuzmasdan suvdan noqonuniy foydalanib kelishgan.

Fermer xoʻjaliklari rahbarlariga suvdan foydalanish va suv isteʼmoli tartibi toʻgʻrisidagi nizomning tegishli bandlariga asosan moliyaviy jarima sanksiyalari qoʻllanildi, toʻplangan hujjatlar tuman sudiga yuborildi.

Toshloq tumani “Besarang Gulshani”, “Bekmurod barakali saxovati” fermer xoʻjaliklarida oʻtkazilgan nazorat tadbirlarida fermer xoʻjaliklarining ruxsat etilmagan joylardan noqonuniy suv yoʻllari ochib olish, undan shartnomasiz foydalanish holatlari aniqlandi.

Rishton tumanida suv isteʼmolchilari uyushmasi miroblari gidrotexnik ishlarni oʻzboshimchalik bilan bajarib, hududdagi isteʼmolchilarga talabnomasiz suv ochib bergan. Paxta moydonlarini sugʻorish uchun ajratilgan suvni bir nechta fuqarolar oʻzboshimchalik bilan egallab olib, tomorqa ekin maydonlarini sugʻorayotganliklari aniqlandi.

— Mazkur holatlar boʻyicha 38 ta yozma koʻrsatma va 74 ta taqdimnoma kiritilgan, 334 ta holat yuzasidan maʼmuriy choralar koʻrilib, 106,8 mln. soʻm jarimaga tortildi. 206 ta holat boʻyicha toʻplangan materiallar sudga, 2 tasi prokuratura organlariga yuborildi, — deydi “Agroinspeksiya” Fargʻona viloyat boshqarmasi bosh inspektori Jahongir Ehsonov. — Oʻtgan 9 oy davomida suvdan oʻzboshimchalik bilan foydalanish, suv olish miqdorlari va rejalarining buzilish bilan bogʻliq 722 nazorat tadbirlari oʻtkazilib, 654 dan ortiq qonunbuzarlik aniqlandi.

Rasuljon KAMOLOV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri