Ushbu murojaatdan xabar topgan va aynan oʻsha vaqtda boshqa bir hududda oʻrganish olib borayotgan Energetika vaziri J.Mirzamahmudov, “Oʻzenergoinspeksiya” boshligʻi I.Nimatullayev hamda “Oʻzbekneftgaz” AJ boshqaruvi raisi B.Sidikov holatni toʻgʻri va xolisona baholash uchun voqea joyiga zudlik bilan yetib bordi.
J.Toʻlaganov hamda Q.Doʻsovga qoʻngʻiroq qilinib, ularning ishtirokida “Oʻzenergoinspeksiya” Toshkent nazorat-kimyo laboratoriyasi tomonidan benzindan tahlil uchun namunalar olinishi aytilganida, ular bu taklifni rad etishdi.
Shundan soʻng xolislar va guvohlar ishtirokida bloger “AI-80 quyilyapti”, deb taxmin qilgan AI-92-rusumli hamda AI-80 rusumli avtobenzindan oʻrnatilgan tartibda sifat tahlili uchun namunalar olindi.
Olingan namunalar “Oʻzenergoinspeksiya” Toshkent nazorat-kimyo laboratoriyasida sifat tahlilidan oʻtkazildi.
Laboratoriya tahlili bloger “AI-80 rusumidagi benzin”, deb gumon qilgan benzindagi oktan soni 92,3 ekanligini koʻrsatdi. Bu miqdor AI-92 rusumidagi benzin uchun xosdir.
“Oʻzbekneftgaz” AJ mazkur voqeani shunday qoldirmaydi va ijtimoiy tarmoq orqali yolgʻon maʼlumot tarqatib, odamlarni chalgʻitgan, nohaq ayblov orqali kompaniya imijiga hamda AYOQSHlarda mehnat qilayotgan xodimlar shaʼni va ishchanlik obroʻsiga putur yetkazgan blogerga nisbatan qonuniy choralar koʻrilishini soʻrab huquqni muhofaza etuvchi organlarga murojaat qilishini bildiradi.